General: Afg’onistonda hali maqsadga erishganimiz yo’q

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar 2014-yilning oxirigacha Afg’onistondan barcha qo’shinlarini olib chiqadi. Bu murakkab jarayonga bosh-qosh bo’lish uchun general Jozef Danford nomzodi ko’rsatilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonga yangi qo'mondon?/Shohruh Hamro


Uning aytishicha, 11-yillik urushning bosh maqsadiga hali erishilgani yo’q. Afg’onistonda terrorchilar va Tolibon harakati hamon faoliyat olib boradi.

Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasida savolga tutilar ekan, Jozef Danford shuni ochiq tan oladiki, Amerika tarixidagi eng uzoq urush hali belgilangan maqsadga yetgani yo’q. Boshidan muddao al-Qoidani hamda terrorchilarga boshpana bergan jangarilarni yo’q qilish edi.

Lekin general sa’y-harakatlar zoye ketmaganini isbotlovchi raqamlarni qonunchilarga taqdim etdi.

“Afg’on xavfsizlik kuchlari hozir aholining 76 foizini tinchlik-osoyishtalik bilan ta’minlayapti. Zo’ravonlikning askar qismi aholi punktlaridan narida ro’y bermoqda. Tolibon odamlardan uzib qo’yilgan, bu katta muvaffaqiyat”, - deydi Jozef Danford.

Afg’oniston armiyasi bugunga kelib 300 ming zobit yollagan, ular 2013-yilning oxiriga borib to’la tayyorgarlikdan o’tishi kerak. General Danford o’tgan yillar ichida bu borada sezilarli progress bo’lgani haqida qonunchilarga hisobot berdi.

Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasi raisi Karl Levin so’nggi payt ko’paygan “ichki hujumlar”, ya’ni mahalliy zobitlarning koalitsiya qo’shinlariga hujumlari borasida tashvish bilan so’zladi. Tolibon o’z odamlarini turli yo’llar bilan xavfsizlik kuchlari safiga kiritayotgani sir emas.

Qo’mitaning nufuzli a’zolaridan biri, respublikachi senator Jon Makkeyn Obama ma’muriyatining Afg’onistonga doir rejalarini keskin tanqid qiladi.

“Mukammal bir rejaga ega bo’lmay turib, prezident Obama Afg’onistondan chiqamiz deb bong urmoqda. Afg’onlar tasavvurida AQShning maqsadi 2014-yilda sharoit qanday bo’lishidan qat’i nazar, nima qilib bo’lsa ham urushni yakunlashdir”, - deydi senator.

Jon Makkeyn nazarida, urush qachon tugashi belgilab qo’yilgan ekan, Afg’onistondagi barcha guruhlar “xalqaro qo’shin erta-indin juftakni rostlaydi” degan asnoda ish tutishga o’rganib qolgan. Biz ketgach, Afg’onistonda yana fuqaro urushi boshlanadi deb qo’rqaman, deydi Makkeyn.

General Jozef Danford amaldagi siyosat borasida izoh bermadi. Prezident Barak Obamaning pozitsiyasi shuki, Afg’oniston bu yog’i o’zini idora etishi kerak. Qo’shma Shtatlarning uyda o’z muammolari yetarli.

Senator Makkeyn quyidagi savolni o’rtaga tashladi:

“Afg’onistonda g’alaba qilayapmiz deya olamizmi”?

Generalning javobi: “Progress bor va maqsadga erishsa bo’ladi”.

Qo’mondon deydiki, AQSh va Afg’oniston hukumatlari 2014-yildan keyingi davrni o’z ichiga olgan xavfsizlik kelishuvi imzolashi lozim. Bu jangarilarga ham, regiondagi barcha hukumatlarga ham kuchli signal bo’lardi.

Agar nomzodi tasdiqlansa, Jozef Danford Afg’onistondagi xalqaro qo’shin qo’mondoni etib tayinlanadi. Hozir salkam 70 ming amerikalik zobit xizmatda. Yaqingacha ular soni 100 ming atrofida edi.

General Danford 2003-yilda Iroqqa bostirib kirilganida muhim rol o’ynagan.