AQSh Afg'oniston sharqidagi harbiy missiyani yakunladi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar Afg’oniston sharqidagi harbiy missiyasini rasman tugatdi. Kecha Sharqiy mintaqaviy qo’mondonlik deb nomlangan amaliyotga yakun yasaldi. Shu munosabat bilan Kobulda maxsus tadbir o’tkazildi.

Askarlarga murojaat qilgan missiya qo’mondoni, general-mayor Stiven Taunsend afg’on qo’shinlari qudratini yuqori baholab, “bugun ular har doimgidan ham kuchliroq” deb aytdi.

“Men Afg’oniston kelajagi porloq ekaniga ishonaman. Koalitsiya qo’shinlarining bir qismi mamlakatda qolib, AQSh va NATO askarlari afg’on milliy xavfsizlik kuchlariga yordam beradi”, - dedi u.

Taunsendning aytishicha, 2002-yildan buyon afg’on xavfsizlik kuchlari havaskor otryadlardan yirik, yaxshi tashkil etilgan, qudratli armiya, havo kuchlari va politsiyaga aylandi. Ular Afg’oniston xalqini himoya qilishga qodir.

2001-yilda tuzilgan Sharqiy mintaqaviy qo’mondonlik 14 viloyatda amaliyot olib borgan.