16 yillik urush ortidan AQSh hukumati Afg’onistonda yangi xavfsizlik rejasining ijrosini boshladi. Mudofaa vaziri Jim Mattis va Bosh shtab rahbari general Jo Danford Kongressda yangi strategiya bo’yicha hisobot berdi.
Mudofaa vaziri Jim Mattisning qonunchilarga aytishicha, Trampning yangi strategiyasidan kuch olgan afg’on kuchlari hozir harbiy amaliyotlarda to’liq ishtirok etyapti va o’tgan yilga qaraganda qurbonlar soni ham kamaygan.
“16 yilda ilk bor Afg’oniston armiyasining barcha olti bo’limi bir paytda hujum qilyapti”, - dedi u.
Avgustda e’lon qilingan yangi rejaga ko’ra, Afg’onistonga qo’shimcha uch ming askar jo’natiladi. Bularning katta qismi mahalliy kuchlarga maslahatchilik vazifasini bajaradi.
“Bizning trenerlarga ega afg’on maxsus kuchlari har safar dushman bilan olishganda g’alaba qozongan. Trenerga ega bo’lmaganlari esa yo’q”, - dedi Mattis.
Bu muvaffaqiyatlarga qaramay, Bosh harbiy shtab rahbari Jozef Danfordning aytishicha, harbiy choralar orqali siyosiy yechim topish imkoniyatiga hali ancha bor.
Senator va prezidentlik uchun sobiq respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn ham Afg’onistondagi vaziyatdan norozi.
“16 yildan so’ng hanuz bir joyda turib qolganimizdan AQSh soliq to’lovchilari rozi bo’lishi kerakmi? Menimcha, yo’q”, - dedi u.
Koalitsiya kuchlari mamlakatda barqarorlik o’rnatish uchun kurashayotgan bir paytda Pokiston afg’onistonlik terrorchilarning chegarani kesib o’tishiga ruxsat bermoqda, dedi Mattis. Hatto Rossiya ham Tolibon bilan muloqot o’rnatishga uringan.
“Rossiya qilayotgan ishlardan xavotirdamiz. Agar ilojini topishsa, ular ko’zimizga cho’p suqishdan toyishmaydi. Hatto bu o’z manfaatlariga zid bo’lsa ham”, - dedi Mattis.
Harbiylarning aytishicha, agar Tolibon odamlarni o’ldirishni bas qilsa va Afg’oniston konstitutsiyasiga rioya qilib, xalqaro terror guruhlari bilan aloqani uzsa, u bilan siyosiy murosaga erishish choralari ko’riladi.