AQSh fermerlari 2021-yilda yangi bozorlar ochilishidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoy bilan savdo urushi yumshashi ketidan Amerika dehqonlari 2020-yilni xursandchilik bilan kutib olgan edi. Biroq optimizm uzoqqa cho’zilmadi, ko’p o’tmay pandemiya boshlandi.

Joriy yilning yanvarida AQSh va Xitoy o’rtasida savdo kelishuvining birinchi bosqichi yakunlangani, Amerika mahsulotlari uchun eng katta bozor qayta ochilayotgani Brayan Dankan kabi fermerlarni quvontirgan edi.

“Savdo bobida oldinga siljishga tayyor edik, lekin mart oyida koronavirus kirib kela boshladi”, - deydi Dankan, Illinoys Fermerlar byurosi vitse-prezidenti.

Buni ham ko'ring Tramp davrida fermerlar hukumatdan rekord darajada yordam olgan

Virus tarqalishining oldini olish uchun mamlakatning ko’plab hududlarida korxonalar yopilsa-da, fermer Skot Xalpin avvaliga tashvishlanmadi.

“Oilaviy xo’jaligimizda atigi bir necha odam ishlaydi. Kasallikka uchrash ehtimoli kam. Koronavirus bormi, yo’qmi, sahar turib chorvaga qarashimiz kerak”, - deydi u.

Biroq qoramol va cho’chqa go’shti bilan ishlaydigan bir necha kombinatlarda infeksiya tarqalib yopildi. Bu oziq-ovqat ta’minotida uzilishlarga olib keldi. Do’konlarga mahsulot yetkazish tizimi ishdan chiqdi.

“Mahsulotga talab pasayib ketdi. Cho’chqa go’shti 50 foizga arzonlashdi”, - deydi Brayan Dankan.

Chorva mollari uchun asosiy ozuqa manbai bo’lmish soya qatorida makkajo’xori narxlari ham tushib ketdi. Odamlar uydan ishlagani sabab yil bo’yi benzinga, makkadan olinuvchi etanolga ham talab pasayib ketdi.

Fred Griderning daromadi makkaxo’joridan:

“Har bir gektar makkajo’xoridan olinadigan yoqilg’i 80 ta avtomobil bir yil yurishiga yetadi. Mashina garajda yotsa, etanol savdosiga ta’sir qiladi. Bizning hosil asosan etanol uchun ishlatiladi”.

Iqtisodiy krizisning fermerlarga ta’sirini yumshatish uchun AQSh hukumati ularga milliardlab dollar yordam ajratdi. Hozirda Qo’shma Shtatlar pandemiyaning eng xavfli bosqichiga yetib kelgan, ammo oziq-ovqat bozori barqaror. Xitoy ham AQShdan ko’proq mahsulot xarid qila boshladi, fermerlar bundan xursand.

Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy: Kim nima xarid qilishini bozor belgilagani ma’qul

“Xitoyga kerakli miqdorda qishloq xo’jaligi mahsulotlarini Braziliya yetkaza olmayapti. Aksincha, Braziliya bizdan don sotib olayapti”, - deydi Grider.

Bu yilgi yig’im-terimni yakunlab, amerikalik fermerlar 2021-yilga xavotir bilan qaramoqda. Pandemiyani yengish, Xitoy bilan savdo borasida kelishib olish endi yangi prezident zimmasida. Jo Bayden qishloq xo’jaligi siyosatini belgilovchi idoralar rahbarlarini tayinlamoqda.

Ayova shtati sobiq gubernatori, Obama davrida qishloq xo’jaligi vaziri bo’lgan Tom Vilsak yana shu lavozimga qaytishi mumkin.

“Bayden qaysidir ma’noda o’sha yillardagi muvaffaqiyatli qarorlarni takrorlashni istaydi”, - deydi Ayova universiteti professori Tim Heygl.

Uning aytishicha, Bayden ma’muriyati uchun Donald Tramp davrida joriy etilgan ayrim qarorlarni bekor qilish oson bo’lmaydi.

“Eski va yangi siyosatni qo’llab, muammolarni hal qilish kerak”, - deydi Heygl.

Aytish joiz, aksariyat fermerlar saylovda Trampni qo’llab-quvvatlagan.

“Yangi ma’muriyat qishloq xo’jaligi sektoriga e’tibor qaratadi, savdo bitimlari imzolaydi deb umid qilamiz. Siyosat qanday bo’lishini hozirdan aytish qiyin, lekin umidimiz bor”, - deydi Dankan.