Muhojir ayollar Nyu-Yorkda non yopib, yangi hayot boshlamoqda

  • Amerika Ovozi

Fotiha Utabunt non yasamoqda

Nyu-Yorkdagi bir novvoyxona har bir sotilgan non orqali xotin-qizlar hayotini o’zgartirmoqda. Bu yerda muhojir xotin-qizlarga kasb o’rgatiladi, mustaqil hayotga fotiha beriladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Non yopib, yangi hayot boshlayotgan muhojir ayollar/Navbahor Imamova


Nyu-Yorkning Sharqiy Garlem dahasidagi “Issiq Non” nomli novvoyxonada hozirgina tandirdan chiqqan issiq nonning xushbo’y hidi taralyapti. Bug’doy va javdar unidan qilingan, ba’zilariga mayiz va yong’oq solingan.

Fotiha Utabunt novvoyxonada ishlaydigan o’ndan ortiq ayol qatorida kun bo’yi xamir qoradi, non yopadi. Mahsulot Nyu-York do’konlarida sotiladi, eng zo’r restoranlarda dasturxonga qo’yiladi.

Asli marokashlik Utabunt qolgan 12 ayol kabi muhojir. Hammasi ilgari ishsiz bo’lgan yoki eng past maoshli joylarda mehnat qilgan.

27 yoshli Utabunt bundan to’rt oy oldin novvoyga shogird bo’lib tushdi. Soatiga 9 dollar maosh oladi. Bu Nyu-York shtatidagi minimal maoshdan sal ko’proq.

“Bu dastur menga juda yoqdi, chunki ko’p narsani o’rgandim, non yopishni, xamir qorishni. Juda ko’p narsani bilaman endi. Ish ham, bu yerdagi muhit ham ma’qul. Bir oiladekmiz,” - deydi u.

Shogirdlik dasturi bir yil davom etadi. Undan keyin Utabunt ishini davom ettiradi, lekin shogird emas, haqiqiy novvoy sifatida, xuddi Mari Puasson kabi.

“Non yopish menga juda yoqadi. Juda!” - deydi Puasson.

60 yoshli ayol asli Gavayi orolidan. Shogirdlik kursini bitirganiga bir yildan oshdi. Hozirda u soatiga 14 dollar pul topadi. Ishidan, hayotidan mamnun.

“Uyga non olib borganimda bolalarimga “men endi non yopayapman, ha, bu mening nonim”, deb maqtanaman”, - deydi u.

Novvoyxona sohibasi Jessamin Rodrigez ilgari Birlashgan Millatlar Tashkilotida ishlagan, immigratsiya masalalari bilan shug’ullangan. Nyu-Yorkda yashab, muhojirlarning og’ir ahvolini o’z ko’zi bilan ko’rgan.

“Bir kuni shuni tushundimki, AQShga ko’chib kelgan ko’plab ayollar pazandalikka usta bo’lsa-da, boshqa ish bilan shug’ullanadi, og’ir mehnat qilsa ham hech narsaga erishmaydi. Men bu xotin-qizlarga yordam bera olishimni tushundim. Ularning pazandalik mahoratidan to’g’ri foydalanish mumkinligini angladim. Shu sababdan bu ishni boshladim,” - deydi u.

Rodrigez ishini 2007-yilda uyidagi oshxonasida ikki shogird bilan birgalikda boshlagan. Bugunga kelib “Issiq Non” novvoyxonasida 13 shogird va 5 xodim bor.

“Immigrant ayollar AQShda eng kam maosh oladiganlardan. Lekin ularning hammasi ishlashni xohlaydi… Bilasizmi, men bir narsaga ishonaman: agar ayollardan vaqt va mablag’ni ayamasangiz, oilalar va jamiyatga foyda keltirasiz,” - deydi u ishonch bilan.

Novvoyxonadagi ayollar turli mamlakatlardan: Meksika, Bangladesh, Togo… Bu yerda yopiladigan non ham xuddi shundek rang-barang. Marokashning o’zbeklarning qatlamasiga o’xshagan m’smen nonidan tortib Karib dengizi mintaqasida keng tarqalgan mevali nonigacha – hammasidan bor.

“Biz yopadigan non ayollarimizning vatanidagi nonga o’xshaydi. Shaharda bunday rang-barang mahsulot taklif qiladigan boshqa novvoyxona yo’q. Bu ma’noda biz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga o’xshaymiz”, - deydi Rodrigez.

“Issiq Non” novvoyxonasi byudjetining to’rtdan uch qismi savdodan keladi, qolgani – grantlar va donorlar puli.

Novvoyxona xodimlari uchun haftasiga ikki marta ingliz tili darslariga qatnash imkoni ham yaratilgan.

Darslar ham odatda ovqat pishirish haqida…

Fotiha Utabunt va Mari Puasson darslar nafaqat oshxonada, balki har kungi hayotda ham yordam berishini aytadi:

“Ingliz tilida yaxshiroq gapiryapman endi”, - deydi Utabunt. Puasson unga jo'r bo'ladi: “Ilgari faqat salom, xayr, xayrli tun degan iboralarni bilardim. Darslarga qatnay boshlaganimdan beri ingliz tilida so’zlashish osonlashdi”.

Novvoyxona sohibasi Jessamin Rodrigezning aytishicha, maqsad – nafaqat ayollarni ingliz tilida so’zlashish va non yopishga o’rgatish.

“Ular novvoyxonani boshqarishga qodir bo’lishi kerak. Axir bosh novvoy yiliga 65 ming dollar atrofida pul topadi”, - deydi u.