Obama Yevropa safarini boshladi, bugun Irlandiyada

  • Amerika Ovozi

Irlandiya prezidenti Mari Makaliz AQSh rahbari Barak Obamani qarshi oldi

Barak Obama 4,5 million aholisi bor Irlandiyaga safari chog’ida ota-bobosi yashagan yerlarni ham ziyorat qilmoqda.

Seshanba kuni u Britaniyada, Londonda parlament qo'shma sessiyasida chiqish qiladi.

Muloqot chog’ida, asosan, Liviyadagi vaziyat va NATO hamkorligi muhokama qilinadi. Qirolicha Yelizaveta AQSh rahbari sharafiga ziyofat beradi.

“Jahonda yirik o’zgarishlar bo’layapti. Ayniqsa, Yaqin Sharqdagi g'alayon yillar davom etishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi siyosiy tahlilchi Stiv Klemons.

Ekspert Afg’onistonni ham tilga oladi.

“AQSh harbiylarini olib chiqish dolzarb mavzu. Liviyada NATO operatsiyasi ham yechimini kutmoqda. Mana shular borasida AQSh-Britaniya hamkorligi muhim”, - tahlilchi.

Prezident Barak Obama so’ng Fransiyada Katta Sakkizlik anjumanida qatnashadi. Sammit davomida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kan bilan yuzma-yuz ko’rishadi.

“Boshqa davlatlar iqtisodiyoti mustahkam bo’lishi Amerika moliyasi uchun juda muhim”, - deydi Brukings Instituti mutaxassisisi Demoniko Lombardi.

Bu uchrashuvda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ro’y berayotgan siyosiy o’zgarishlarga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar Liviyada NATO harbiy operatsiyalarini himoya qilib keladi. O’z navbatida Britaniya va Fransiya Amerikadan bu amaliyotga ko’proq hissa qo’shishni so’ragan.

Medvedev bilan muzokarada AQShning Yevropada rejalangan mudofaa tizimi tilga olinadi.

Kreml raketa hujumiga qarshi mazkur tizimga qarshi ekanini va uni o’ziga tahdid deb bilishini ochiq aytgan. Vashington sistema Eron va boshqa g’anim davlatlar hamlasiga qarshi ehtiyot chora, deya ishontiradi.

Barak Obama safari oxirida Polshaga borib, Sharqiy Yevropa rasmiylari bilan uchrashadi. Tashrif davomida AQSh harbiy havo kuchlariga Polsha bazalaridan foydalanishga ruxsat beruvchi kelishuv imzolanishi kutilmoqda.