Bin Ladenning kuyovi AQShda sudga tortilmoqda

  • Amerika Ovozi

Abu G’aytni yaqinda AQSh Markaziy razvedka agentligi va Federal qidiruv byurosi qo’lga olgan.

Osama bin Ladenning kuyovi, al-Qoidaning sobiq so’zlovchisi Qo’shma Shtatlar tomonidan ushlanib, sud qilish uchun Nyu-Yorkga olib kelingan.

Sulaymon Abu G’ayt amerikaliklarni o’ldirishni rejalash aybi bilan sudlanayapti. Bugun mahkamaning birinchi kunida u o'zini aybsiz deb e'lon qilgan.

Prokuror 2001-yilning 11 sentabr fojeasidan keyin Abu G'ayt hujumni olqishlagan va al-Qoida yana ko'plab amerikaliklarni qiradi, deya po'pisa qilgan videoni dalil qilib keltiradi. U islom dunyosini xristian, yahudiy va amerikaliklarga qarshi urushga da'vat etgan, deydi prokuror.

Abu G'ayt bin Ladenning qizi Fotimaga uylangan.

Respublikachi qonunchi Piter King so’zlariga ko’ra, Abu G’aytni yaqinda AQSh Markaziy razvedka agentligi va Federal qidiruv byurosi qo’lga olgan.

Turkiya matbuotidagi xabarlarga ko’ra, Abu G’ayt Anqaradagi muhtasham mehmonxonada hibsga olingan.

Turkiya sudi bu shaxs mamlakatda jinoyat sodir etmagan deya xulosa qilib, uni Iordaniyaga deportatsiya qilgan va u yerda Amerika maxfiy xizmatiga topshirilgan.

Abu G'aytning ushlanishi al-Qoidaga qarshi urushda yirik yutuq deya ta'riflanmoqda. Aubdor topilsa, u umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, bu voqea Qo’shma Shtatlar 2001-yil 11 sentabrda Nyu-York va Vashingtonda uyushtirilgan terror hujumlari ijrochilarini javobgarlikka tortish qarorida qat’iy ekanini namoyish etadi. O'sha mash'um kunda qariyb 3 ming odam nobud bo'lgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Boy yigitdan yetakchi terroristga aylangan Osama bin Ladenning qisqacha tarixi