Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etishga hozirlanar ekan, Vashingtonda bu davlat bilan yangi savdo shartnomasini imzolash bo’yicha dastlabki muzokaralar boshlandi. Ittifoq doirasidagi cheklovlar olib tashlansa, deydi rasmiylar, AQSh-Britaniya o’rtasida savdo-sotiq qiymati kelasi 15 yilda 40 milliard dollarga yetishi mumkin.
Britaniya Yevropa Ittifoqini hali tark etmasdan turib, Amerika bilan savdo muzokaralarini boshlab yubordi. Sobiq Prezident Barak Obama agar ittifoqdan chiqsangiz, kelgusi savdo kelishuvlaridan chetda qolasiz, deb ogohlantirgan edi.
Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning umidi shuki, Breksit hamda Donald Trampning “Amerika Birinchi” degan siyosati yaqin hamkorlikka halaqit bermaydi.
“Qo’shma Shtatlar ochiq, erkin savdo yo’nalishidan borishda davom etishi kerak, chunki bu davlat dunyodagi eng yirik iqtisodiy tizim. Uning qarorlari barchaga ta’sir qiladi”, - deydi Britaniya Savdo vaziri Liam Foks.
Vashingtonda muzokara o’tayotgan bo’lsa-da, Britaniya Yevropa Ittifoqini to’liq tark etmaguncha yangi savdo bitimlarini imzolash vakolatiga ega emas.
Lekin bu ishlarni hozirdan boshlash muhim, chunki Tereza Meyning so’lchi raqibi Jeremi Korbinning shuhrati oshib bormoqda. Yangi shartnoma Britaniya sog’liqni saqlash tizimini AQSh firmalariga ochib berishi mumkin.
“Bunday shartnomani Britaniya fuqarolari qo’llab-quvvatlamasligi mumkin. Qarshilik kuchli bo’ladi”, - deydi tahlilchi Anjelos Krissogelos.
Britaniya uchun qishloq xo’jaligi jiddiy mavzulardan. Ikki mamlakat fermalarining ish uslubi bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, antibiotiklar va genetik jihatdan o’zgartirilgan mahsulotlar Britaniya do’konlarida sotilmaydi.
Bank va moliyaviy xizmatlar sohasida azaldan yaqin hamkorlik mavjud. Investor Rob Misselbruk fikricha, yanada yaqinroq ishlash imkoniyati bor.
“Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma tuzayotgan turli davlatlarning lobbichi sanoatlari o’z so’zini o’tkazishga harakat qiladi. Masalan, Italiya vinochilari, Fransiyaning pishloq ishlab chiqaruvchilari, Germaniya avtomobilsozlari va hokazo. Shu jihatdan Britaniya Amerika bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara qilsa, imkoniyatlar kengroq”, - deydi suhbatdosh.
Donald Tramp savdo kelishuvi tez orada imzolanishini istaydi. Bryusselning bildirishicha esa, Britaniya ittifoqni tark etmaguncha hech qanday shartnoma imzolay olmaydi.