Yoshi 100 dan oshgan amerikaliklar hayot haqida nima deydi?

  • Amerika Ovozi

AQSh aholisining eng katta sur’atlar bilan o’sayotgan bir qismi – yoshi 100 dan oshganlar. Yaqinda Arkanzas shtatida yashaydigan bir onaxon 116-bahorini qarshiladi. U dunyodagi ikkinchi eng keksa odam. AQShda yoshi 100 dan oshganlar soni 53 000 dan ko’p.

Your browser doesn’t support HTML5

100 dan oshgan amerikaliklar hayot haqida nima deydi? Navbahor Imamova

Musiqa Marianna Ardenning jonu-dili.

“Pianino chalmasam, yashashni istamayman,” - deydi u.

Bundan 101 yil avval Avstriyada tug’ilgan, yoshligida Amerika sahnalarida konsertlar bergan bu ayol hanuz ishtiyoq bilan ijro etadi. San’atdan huzur oladi.

“Ilgari mashhur bo’lgan qo’shiqlar musiqasini chaldim. O’zim bastalagan qo’shiqlardan ham kuyladim,” - deydi u.

Bugun u o’zi yashaydigan Merilend shtatidagi jamoat markazida do’stlari va qo’shnilari uchun yoshligida yodlagan kompozitsiyalarni ijro etmoqda.

Madelin Braun uchun esa hayot mazmuni muloqotdir.

“Umrimni odamlarni baxtiyor qilishga bag’ishlaganman,” - deydi onaxon.

U yaqinda 100-tug’ilgan kunini nishonladi. Prezident Barak Obama va Mishel Obamadan shaxsiy tabriknoma oldi.

Odamshavanda bo’lishiga qaramay Braun turmush qurmagan.

“Bir erkak bilan turmush qurib, uni baxtsiz qilgandan ko’ra hammani baxtiyor qilganim yaxshimasmi?” -

Jorj Bogges esa oilaviy hayotidan mamnun. 102 yoshli Jorj Doroti bilan 70 yildan beri baxtli turmush kechirib keladi.

“Usiz yashay olmagan bo’lardim,” - deydi Bogges.

Rafiqasi uning uchun uzoq umr garovi. Texas shtatida katta bo’lib, tarbiya olgan.

"Cherkovga borishimiz kerak edi, o’qish va mehnat qilish kerak edi,” - hikoya qiladi u yoshligi haqida.

Bugun u vaqtini asosan faxriylar tibbiy markazida o’tkazishni afzal ko’radi. Baxtli hayotning yana bir siri bilan o’rtoqlashadi.

“Yondashuv. Hamma narsaga to’g’ri yondashish kerak. Xo’mrayib, xafa bo’lib, nolib, atrofdagilarni tanqid qilib yurish noto’g’ri.”

Jorj Ikkinchi Jahon urushida xizmat qilgan.

“Qora tanli askarlar boshqalardek jang qilolmaydi, degan fikr bor edi avvalida. So’ngra men va menga o’xshaganlar bu naqadar noto’g’ri fikr ekanini isbotladik. Jang qildik, g’alaba qozondik”.

AQShda uzoq umr ko’rayotganlar soni tezlikda oshib bormoqda, deydi AQSh Salomatlik institutidan aholishunos Vinni Rossi.

Rossi uzoq yashash sirlarini o’rganib chiqqan tadqiqotchilardan biri. Nasl va oila tarixi katta ahamiyatga ega, deydi.

“Tadqiqotchilar xulosasiga ko’ra, yoshi 100 dan oshgan odamlarning aka-uka va opa-singillari ham boshqalarga qaraganda uzoqroq umr ko’radi va sog’ligi mustahkamroq bo’ladi. Bolalari ham”.

Bu yoshi 100 dan oshgan 53 000 amerikalik uchun xush xabar.

Your browser doesn’t support HTML5

100 yoshdan oshgan amerikaliklar - The oldest Americans