Breaking News

AQShda katta oilalarga mo'ljallangan uylar qurilmoqda


AQShda keksa ota-ona, voyaga yetgan bolalar va hatto nevaralarning birga yashashi hollari ko’paymoqda. Kaliforniya shtatining Irvin shahrida qurilish kompaniyalari aynan shuni inobatga olib, xaridorlar uchun yangi turdagi uylarni taklif etmoqda.

Alisha Bayasi bu yerga o’zi uchun uy izlab kelgan edi. Ammo qarasaki, bu xonadon onasining ehtiyojlariga ko’proq mos keladi.

“Onam har kuni buvim va buvamni ko’rgani boradi. Yo’lga bir soat ketadi. Albatta, ular hammasi birga yashasa osonroq va hamma uchun qulayroq bo’lardi”.

Yangicha loyihadagi bu uylarning har birida qaynona uchun joy bor. Alohida oshxona, mehmonxona, yotoqxona va vanna.

50-60 yoshdagilar uchun ayni muddao, deydi qurilish kompaniyasi rahbari Emil Haddad:

“Bu yoshda kishining otasi yoki onasi olamdan o’tgan bo’lishi tabiiy. Yakka qolgan onasi yoki otasini qariyalar uyiga emas, o’z uyiga olib kelayotgan oilalar ko’p”.

“PulteGroup” qurilish kompaniyasi ma’lumotlariga ko’ra, yaqinlari bilan birgalikda yashashni istagan oilalar soni ko’payaveradi. Keksa ota-ona yoki voyaga yetgan bolalar haqida gap ketyapti.

“Jamiyatda o’ziga xos ijtimoiy-madaniy o’zgarishga guvohmiz. Bir oilaning yoshu-qari a’zolari bitta uyda yashashi hollari ko’payadi,” - deydi kompaniya xodimasi Kristin Pasternak.

So’rovlarga ko’ra, bunday oilalarning aksariyati uyini qayta ta’mirlash yoki yangi uy sotib olishni rejalamoqda:

“Uy sotib olmoqchiman. Universitetni bitirayotgan o’g’lim bizga qo’shiladi. Iqtisod yaxshi emas. Bir o’zi qiynaladi,” - deydi xaridorlardan biri Helen Artienda.

Oila a’zolarini birga yashashga undayotgan omil, albatta, iqtisod. Professor Viktor Renier arxitektura va gerontologiya, ya’ni keksalarni o’rganadi.

“2008-yilda AQShda katta o’zgarish yuz berdi. Odamlar uyidan judo bo’ldi, boyligini ham yo’qotdi. Oqibatda uy va ro’zg’or tushunchasi o’zgardi. Odamlar bir xonadonda bir necha oila yashab, alohida ro’zg’or olib borishi mumkin, degan xulosaga keldi,” - tushuntiradi olim.

AQSh Aholishunoslik byurosi o’tkazgan tadqiqotlar ham shundan dalolatki, ijtimoiy yondashuv o’zgaryapti. Ayniqsa latino, afro-amerikalik va osiyolik oilalarda bu yaqqol ko’zga tashlanadi. Lekin sabab millat va madaniyatda emas, balki iqtisodda, deydi professor Renier:

“Ko’pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda aynan shuni uchratish mumkin. Farzandlar katta bo’lganida alohida uy sotib olishga qurbi yetmaydi. Keksalar va yoshlar birga yashashda davom etadi ”.

Xitoy va Hindiston bunga yaxshi misol. Bu mamlakatlarda iqtisodiy o’sish davom etib, boylar ko’payaversa, hayot tarzi ham o’zgaradi. Ammo AQShda teskari jarayon kuzatilmoqda, deydi professor Renier. Bir uyda qancha ko’p xona bo’lsa, shunda ko’p odam yashaydi va uy narxi ham oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG