Vashington Xitoy valyuta siyosatidan tobora norozi

  • Amerika Ovozi

Yuan - Xitoy milliy valyutasi kursining sun'iy ravishda pasaytirilayotganidan Vashington norozi

Iqtisodi yiliga qariyb 10 foizga o’sayotgan Xitoy va inqiroz botqog’iga botgan AQSh o’rtasida yangi mojaro yuzaga kelishi mumkin – savdo sohasida.

Vashington Pekinni milliy valyuta – yuan qiymatini sun’iy ravishda past ushlab turganlikda ayblamoqda. Bu esa bilvosita bo’lsa-da, Qo’shma Shtatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, deyishmoqda ham siyosatchilar, hamda olimlar.

Milliy valyuta qiymati past bo’lsa, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar arzonga tushadi, demak eksport masalasida ustunlik siz tomonda. Eksport hajmini oshirish – iqtisodiy o’sishga eng yaqin va tez yo’l. Pekin aynan shu yo’lni tanlagan.

O’tgan hafta Vashingtondagi Iqtisodiy siyosat instituti qiziq bir ma’lumot tarqatdi. Xitoy olib borayotgan valyuta siyosati oqibatida 2001-yildan buyon Amerikada 3 million kishi ish joyidan ayrilgan.

“Dragonomics” tadqiqot firmasi rahbari Artur Krober fikricha, rasmiy Pekin o’zini bunday siyosat olib borishga haqli deb biladi.

“Boy va qudratli davlatga aylanishning eng tez yo’li – eksportni rivojlantirishdir. Bunga valyuta kursini pasaytirish orqali erishish mumkin. Xitoy rahbariyati boshqa mamlakatlar shu yo’l bilan boyigan, biz ham ayni yo’lni tutishga haqlimiz, deb hisoblaydi”, - deydi Artur Krober.

AQSh Kongressi, Vashington

Yuan – erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta emas. Uning kursini hukumat belgilaydi, ya’ni manipulyatsiya qiladi.

Gonkonglik olima Janet de Silvaning aytishicha, yuanning asl qiymati ancha baland.

“Agar erkin konvertatsiya joriy etilsa, yuan kursi AQSh dollariga nisbatan 20 foizga oshgan bo’lardi. Bu bilan Xitoy eksporti o’z jozibasini yo’qotishi turgan gap”, - deydi suhbatdosh.

Ammo Xitoy tanqid va e’tirozlarga beparvo. Bu esa boshqa mamlakatlar iqtisodiga zarar, chunki AQSh, Yevropa va boshqa yerlarda ishlab chiqilgan mahsulot Xitoynikidan qimmatroq bo’lib qolmoqda. Jahon bozoridagi raqobatda bu mag’lubiyat degani.

Bunday vaziyatdan g’azablangan AQSh Kongressi Xitoyga nisbatan sanksiya joriy etish, unga “g’irrom” degan tamg’a bosish ustida ish boshlash arafasida.

Lekin tadbirkorlar bunga qarshi chiqishi mumkin. Ularning Xitoy kompaniyalari bilan daromadli biznesdan voz kechgisi yo’q.

Vashington Xitoy valyuta siyosatidan tobora norozi

Rasmiy Pekin AQShdagi iqtisodiy qiyinchiliklarga bizning aloqamiz yo’q deb keladi.

“Savdo va valyuta masalalarini siyosat bilan aralashtirmang”, - deya kuni kecha bayonot berdi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Xong Li.

Kommunistik davlat valyutasini erkinlashtirishga shoshmayapti. Chunki bunday qadam nafaqat eksport hajmi pasayishi, balki ish joylarining kamayishi va hatto norozilik namoyishlariga olib kelishi mumkin.

Lekin tanganing ikkinchi yuzi ham bor. Nazorat ostidagi valyuta hech qachon xalqaro to’lov vositasiga aylanolmaydi. Dunyo bozorlarida savdo ham, yirik kontraktlar ham hamon AQSh dollari yoki yevroda olib boriladi.

Lekin, deydi tahlilchi Artur Krober, dollar va yevro so’nggi payt zaiflashib borayotgani Xitoyni tashvishga solayapti, va Pekin yuanni xalqaro valyutaga aylantirish masalasini o’rganmoqda.

Mutaxassis fikricha, Pekin rejasi quyidagicha: kelasi 10-20 yil ichida hukumat nomidan qimmatli qogo’zlar chiqarish, ularni jahon bozorida savdoga qo’yish va sekin asta yuanni dollar kabi zaxira valyutaga aylantirish.

Bunday qadam Xitoy qudratiga qudrat qo’shgan bo’lardi. Lekin uni amalga oshirish uzoq vaqt talab qiladi. Aksariyat mutaxassislar kelasi bir necha yil ichida Xitoy valyuta siyosatida o’zgarish bo’lmaydi degan fikrda yakdil.