AQSh Prezidenti Barak Obama va Xitoy rahbari Si Zinpin imzolagan kiber-xavfsizlikka oid yangi shartnoma ikki davlatning kiber-makondagi tijoriy josuslikka qarshi kurashidagi jiddiy qadam. Biroq konkret chora-tadbirlar ko’riladimi?
Ikki davlat hududida internetda bir-biriga nisbatan amalga oshirilayotgan egri faoliyatni milliy qonunlar hamda xalqaro majburiyatlar doirasida tekshirishga kelishib oldi. Taftish o’tkazayotgan taraf kiber-hujumga uchragan tomonni taftishdan “tegishli ravishda” boxabar qilib turadi. Hujum qurboni esa o’zi masalani o'rganmaydi.
Bunday taftishlar uchun mas’ul rasmiylar shu yil oxirida ilk bor uchrashadi, so’ngra bunday uchrashuvlar yiliga ikki marta bo’lib turadi.
Prezident Obama g’alabasi
Yangi kelishuv Obama ma’muriyati g’alabasi, chunki uni imzolash orqali Xitoy ilk bor kiber-xurujlar ortida turganini tan oldi, deydi mutaxassislar. Shu bilan birga Pekin o’zi ham shunga o'xshash hujumlarga uchrashini ta’kidlab keladi.
Va’dalar bajariladimi?
Kelishuv konkret natijalarga olib kelmasligi mumkin, deydi Xalqaro tadqiqotlar institutining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo’yicha mutaxassisi Aleksander Nil. Shunga qaramay hujjatning imzolanishi - ijobiy qadam, chunki Pekin taftishlarni o’tkazishga majbur bo’ladi.
Yana bir mintaqashunos, professor Nikolas Tomas fikricha, intellektual mulk va tijoriy sirlarni o’g’rilash davom etiladi, chunki Xitoy bu sohada AQSh hukumatidek choralar ko’rmagan va texnologik imkoniyatlari ham cheklangan. Kiber-xurujlar manbasini aniqlash nihoyatda qiyin va murakkab jarayon, deydi u.
Uning fikricha, o’tgan yili AQSh Adliya vazirligi tomonidan besh nafar Xitoy harbiysining AQSh kompaniyalariga internet hujumi uyushtirganlikda ayblanishi va Oq uyning Xitoyga nisbatan savdo sanksiyalarini joriy etish tahdidi rasmiy Pekinni kiber-xavfsizlikka oid masalada hamkorlikka majburlagan.
Sendan ugina, mendan bugina?
Xitoydagi inson huquqlariga oid vaziyat hamda Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi siyosati masalalariga qaraganda aynan kiber-hujumlar AQSh noroziligiga ko’proq sabab bo’lmoqda. Prezident Si Zinpinning bitimni imzolashga rozi bo’lgani uning zaifligidan darak beradi, deydi mutaxassislar.
“Agar Si Zinpin o’z qudratiga ishonganida, bunday murosaga bormagan bo’lardi. Kiber-xavfsizlikka oid kelishuvni Xitoy tuzumi zaiflasgani belgisi deb talqin qilish mumkin", - deydi professor Tomas.
Xitoy kiber-xurujlardan aziyat chekishini ta’kidlasa-da, bu mamlakat kompaniyalari AQSh xakerlari ulardan tijoriy sir yoki intellektual mulk o’g’irlangani hollarini ma’lum qilmagan.
Tahlilchilar fikricha, kelishuvdan Xitoyga qaraganda AQSh kattaroq foyda ko’radi. Ma’lumotlarga ko’ra, 2013-yilda AQSh kompaniyalari intellektual mulkning o’g’irlanishi oqibatida 300 milliard dillarga teng zarar ko’rgan. Ulardan 50 foizidan ko’proq qismi uchun xitoy xakerlari javobgar edi.