Xitoy vitse-prezidenti Shi Tsinping bugun AQSh rahbari Barak Obama bilan Oq Uyda muloqot qildi.
Shi Tsinping kelasi yildan prezidentlik lavozimini egallaydi. Uzoq yillik siyosiy tajribaga ega. Obama bilan ilk bor yuzma-yuz muzokara olib bordi. Global muammolar yechimi Xitoy va Amerika qo’lida, deydi Shi Tsinping. O’zaro ishonch va hurmat yetishmasa, bundan dunyoning ikki yirik davlati birdek zarar ko’radi, deydi u.
Vashington nazarida Xitoy o’z milliy puli yuan qiymatini sun’iy ravishda past ushlab turib, ko’proq mahsulot eksport qilmoqda va shu tariqa katta daromad olmoqda. Bu g’irromlik, deya bildiradi Oq Uy. Shuningdek, Amerika bizneslari uchun Xitoyda ishlash oson emas, vaholanki, Xitoy bizneslari Amerikada katta imtiyozlarga ega.
Qo’shma Shtatlar Tibetdagi zo’ravonliklardan xavotirda. Tuzumdan to’ygan fuqarolar o’ziga o’t qo’yishni odat qilib olgan. Xitoy bunga javoban xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.
“Biz Xitoy bilan hamkorlik qilishni istaymiz, lekin bu davlat mavjud qonun-qoidalarga bosh egishi kerak. Jahon iqtisodiy tizimini tebratuvchi prinsiplar ularga ham taalluqli. Bu degani savdo-sotiq ko’lamini muvozanatlash kerak, faqat AQSh-Xitoy orasida emas, Xitoy va butun dunyo mamlakatlari orasida. Huquq bobida esa rasmiy Pekinni fuqaro erkinliklarini poymol etmaslikka, xalq dardiga quloq solishga chaqiramiz”,- deydi Obama.
Ikki davlat Eron atom dasturi, Shimoliy Koreya va Suriya yuzasidan til topishishga majbur. Aks holda, bu masalalar yechilmaydi, deydi Obama.
Shi Tsinping bilan gaplashgan vitse-prezident Jo Bayden fikricha:
“Har bir masalada bir yoqadan bosh chiqarish qiyin, pozitsiyalarimiz turlicha, lekin iqtisodiy-siyosiy manfaatlarimiz haqida o’ylasak, kelishishdan boshqa yo’l yo’q”.
Xitoy va Amerika orasidagi raqobat qanchalik kuchli bo’lmasin, deydi rasmiylar, ikki davlat bir-biriga ko’p jihatdan tobe. Ular jahondagi eng yirik iqtisodiy sheriklar.
AQSh matbuotiga bergan intervyusida, Xitoy vitse-prezidenti Vashington “bizga nisbatan xavf sifatida qarashni bas qilsin. Tinch okeanida harbiy qudratini oshirishiga hojat yo’q” deb aytgan.
Shi Tsinping Oq Uydagi muzokara va ziyofatdan so’ng Davlat departamenti va Pentagonda ham bo’lib, shu masalalar haqida gaplashdi.
Safardan yana bir maqsad – xususiy sektor bilan muloqot qilish, Amerika ishbilarmonlari bilan so’zlashish. Xususan Ayova va Kaliforniyadagi katta kompaniyalarga boradi.