AQShning Xitoydagi elchisi Geri Lok kelasi yil boshida o’z lavozimini topshirishi haqida e’lon qildi. Lok bu vazifada qisqa, ammo sidqidildan mehnat qildi.
Iste’fosi haqida e’lon qilar ekan, Lok bu yerdagi elchilik faoliyati u uchun “bir umrlik sharaf” bo’lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, elchilik qilgan davrida AQShdan Xitoyga eksportlar hajmi oshgan, shuningdek, viza kutish paytlarining qisqarishi natijasida ko’proq xitoyliklar AQShga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Sobiq elchi mamlakatdagi diniy yetakchilar, inson huquqlari faollari hamda etnik ozchilik vakillari bilan ham uchrashib, Amerika qadriyatlarini targ’ib qilganini aytadi. U Xitoyning ayirmachilik siyosatidan aziyat chekishi aytiladigan Tibet va Shinjon viloyatlariga ham tashrif buyurgan.
Elchi Lok faoliyati davomida bir qator nozik siyosiy bahslarga bilan ham ro’baro’ keldi. U sobiq Xitoy rasmiysi Bo Xilay qo’l ostidagi politsiya rahbarining AQSh konsulligiga qochib kelib siyosiy boshpana so’rashi hamda ko’zi ojiz huquq faoli Chen Guanchenning AQShga tashrif buyurishi kabi siyosiy bahslar bilan to’qnashdi.
Kiberxurujlar haqida olg’a surilgan ayblovlar, jumladan, AQSh xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Eduard Snoudenning Gonkongga qochib ketishi ham Vashington va Pekin munosabatlarini yanada sovuqlashtirdi.
Pekindagi Renmin universiteti siyosatshunosi Shi Yinhongning aytishicha, elchi Lokning sa’y-harakatlari bilan ikki mamlakat aloqalari og’ir sinovlardan omon chiqdi.
“Bir necha marta vaziyat o’ta taranglashib, strategik dushmanlik va ba’zan inson huquqlari bo’yicha kelishmovchiliklar o’rtaga chiqdi. Ammo elchining o’zi bu narsalar haqida hech qachon ochiq gapirmadi va shuning ham foydasi bo’ldi”, - deydi u.
AQSh va Xitoy o’rtasidagi ixtiloflar savdoda ham, mintaqadagi chegaralar yuzasidan mavjud bahslarda ham talaygina. Lok elchilik davomida to’qnashgan muammolar aslida ilgaridan bor edi, deydi Nyu-York Texnologiya universitetining Xitoydagi filiali professori Jeyms Nolt.
“Geri Lok ishlarni davom ettirdi. U professional elchi sifatida o’z ishini yaxshi bajardi. Lekin nazarimda, istisno holatida yuz bergan ayrim voqealar siyosatda o’zgarish yuz berganini anglatmaydi. Aksincha, ular jamoatchilikning tushunchasida o’zgarish yasaydi. Bu narsa u yoki bu tomonning asabiga tegishi mumkin, ammo umumiy aloqalar davom etadi”, - deydi professor.
Karnegi jamg’armasining Xitoydagi bo’limi tahlilchisi Chen Qiga ko’ra, Lok yuz tutgan muammolar uning erta ketayotgani sabablaridan biri bo’lishi mumkin.
Bu Obamaning ishonchsizlik bildirganini yoki Lok o’z ishini yaxshi bajarmaganini anglatmaydi, deydi Chen. Aksincha, Lok vazifasini yaxshi bajargani uchun endi biroz dam olishni va hayotida o’zgarish qilishni istayapti, deydi tahlilchi.
Lok uch nafar farzandning otasi. U Pekinda elchilik faoliyatini 2011-yilning iyul oyidan boshlagan. U Xitoyda AQShning eng katta diplomati sifatida ishlagan ilk xitoylik amerikalikdir.
Lok iste’fo berish haqidagi qarorini Obamaga taqdim etganini va keyingi yil boshida Sietldagi o’z oilasi yoniga qaytish niyatida ekanini aytdi.