Prezident Donald Tramp so'zlariga ko'ra, AQSh va Xitoy erishgan savdo bitimi amerikalik fermerlarga shunchalik ma'qul keladiki, ular "kattaroq traktorlar xarid qilishlariga to'g'ri keladi". Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashgan AQSh rahbari yangi bitimni "noyob" deya maqtamoqda.
Ikki mamlakat savdo paktining birinchi bosqichi bo'yicha kelishib olgan va bir-biriga qo'shimcha tariflar qo'ymaydi. Xitoy AQShdan qishloq xo'jaligi, energetika va farmasevtika mahsulotlari importini oshirishga rozi. Trampning aytishicha, shuning o'zi 50 milliard dollar degani.
AQSh 15-dekabrdan qiymati 160 milliard dollarga teng Xitoy mahsulotlariga qo'shimcha tarif qo'yishni rejalagan edi. Hozirda Xitoy tovarlariga 250 milliard dollarlik tariflar joriy etilgan - bu o'zgarmaydi. Yana 120 milliard dollarlik mahsulotga tariflar 7,5 foizga tushiriladi.
Trampning aytishicha, muzokaralarning ikkinchi bosqichi AQShda prezidentlik saylovlaridan oldin boshlanadi.
Pekin Trampdan, shuningdek, 360 milliard dollarlik tovariga qo'yilgan tariflarning bir qismini olib tashlashini kutmoqda.
AQShning savdo bo'yicha muzokarachilariga ko'ra, ikki mamlakat birinchi bosqichda tarixiy va tatbiq etsa bo'ladigan kelishuvga erishgan. Uning doirasida, Xitoyning iqtisodiy va savdo rejimida intellektual mulk, texnologiya uzatish, moliyaviy xizmatlar va valyuta sohalarida strukturaviy islohotlar va o'zgarishlar bo'lishi talab qilinadi.
O'xshash bitim ikki oy oldin Xitoy delegatsiyasining Oq uyga tashrifi chog'ida ham e'lon qilingan edi, ammo o'shandan so'ng muzokaralar yana davom etdi.
"Tramp Xitoyning sizdan soya sotib olamiz degan ishonchsiz va'dalariga laqqa tushib o'tiribdi. Xitoydan bunday qo'shiqni avval ham eshitganmiz. Amerikalik ishchilar va bizneslar uchun to'g'ri qaror qilishda Trampga tayanib bo'lmaydi, hatto uning bayonotlari to'g'ri yo'nalishda bo'lsa ham", - deydi AQSh Senatida yetakchi demokrat Chak Shumer.
Yana bir senator Kris Merfi ham shu fikrda:
"Xitoy bilan savdo bitimi to'liq kapitulyatsiyaga o'xshaydi. Savdo urushi sabab AQSh 300 ming ish joylarini boy berdi. Kelishuvda Xitoy strukturaviy islohotlar bo'yicha majburiyat olmagan. Bu falokat".
Ayrim tahlilchilar ham Oq uy e'lonidan qoniqmagan ko'rinadi.
"AQSh rahbari noaniq va'da evaziga tariflarni oshirmaslikka qaror qildi. Uning qo'lida bitim matni ham yo'q. Va'daga asoslanib ish tutyapti. Xitoy gapidan qaytishi ham mumkin", - deydi Xitoy va Gonkongda ancha yillar ishlagan tahlilchi Gordon Cheng.
AQSh muzokarachilari kelishuv bandlari samarali ijro etilishini, kelishmovchiliklar hal qilinishini ta'minlaydgan kuchli tizim yaratilishini aytmoqda.
Bu orada AQSh Vakillar palatasida Prezident Trampni ishdan olishga qaratilgan tinglov va muhokamalar davom etmoqda.