Durban sammitida AQSh ekologik siyosati tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Durban, Janubiy Afrika

Janubiy Afrikaning Durban shahrida o’tayotgan katta ekologik anjumanda Amerika iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi ko’proq mablag’ ajratishga chaqirdi. Ko’plab davlatlar bu taklifga qo’shiladi, lekin Vashington olg’a surayotgan ayrim g’oyalar ularga ma’qul emas.

Yashil iqlim jamg’armasi degan yangi tashkilot tuzishga Meksikaning Kankun shahrida o’tgan oldingi sammitda kelishib olingan edi. Umumiy maqsad – global iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi birgalikda kurashish.

Amerika pozitsiyasini maxsus vakil Jonatan Pershing shunday tushuntiradi:

“Yer yuzida harorat ko’tarilib borayotganiga qarshi kurash uchun mablag’ xususiy sektordan jalb etilishi kerak. Yangi jamg’arma esa bu pulning samarali sarflanishini ta’minlashi lozim”.

“Oxfam” xalqaro insonparvarlik tashkiloti xodimi Sasanka Tilikasiri deydiki, gap bu yerda mablag’ni qanday boshqarishda.

Arktikadagi muzliklar erib bormoqda

“Xususiy sektorning roli muhim, albatta. Ular katta mablag’ ajratishga qodir. Ammo pul berganlar jamg’arma faoliyatini nazorat qilmasligi kerak. Mablag’ qaysi sohaga va qanday sarflanishini jam’garmaning o’zi hal qilishi lozim”.

Kelishmovchilik shundaki, Amerika bizneslar asosiy rol o’ynasin desa, boshqalar yo’q demoqda.

“Oxfam” va yana 15 xalqaro tashkilot yaqinda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonga maktub yo’lladi.

Unda Vashingtonning yangi jamg’arma yuzasidan kelisha olmayotgani ko’plab ishlarga to’siq bo’layotgani aytiladi va AQSh murosaga erishishi kerak deya da’vat etiladi.

AQSh – atmosferaga eng ko’p zaharli gaz chiqarayotgan davlatlardan biri. Buni cheklovchi xalqaro bitim, Kioto protokoliga qo’shilmagan. Shuning uchun jiddiy tanqidga uchrab keladi.

Amerika iqlim muhofazasi uchun kapital va bilimni ayamaydi, deydi maxsus vakil Jonatan Pershing. Harorat ko’tarilib borayotgan butun sayyoraga tahdid solmoqda va AQSh unga qarshi kurashda yetakchilik qiladi, deydi u.

Masalan bu yili dunyo bo’ylab o’rmonlarni asrash maqsadida AQSh 3 milliard dollar, 2010-yilda esa 2 milliard dollar ajratgan.