AQSh kollej va universitetlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar Yevropaga ham tarqalmoqda. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniyada talabalar o’z universitetlaridan Isroil bilan barcha akademik hamkorlikni to’xtatishni, universitet byudjetidagi pul nimalarga sarflanishini ochiqlashni, Isroilga aloqador loyihalarga mablag’larni to’xtatishni, AQSh hukumatidan esa Isroilga harbiy yordamni bas qilishni talab qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Eron politsiyaning talaba namoyishlarini bostirayotganini tanqid qildi, islomiy respublika Oliy diniy raisi Ali Xomeneiy amerikalik studentlar harakatlariga xayrixohlik bildirdi.
“AQShning Rossiya, Xitoy, Eron kabi dushmanlari ushbu norozilik harakatidan foydalanib, Amerika demokratiyasining salomatligini savol ostiga qo’ymoqchi, Amerikaning bu haqdagi da’volarida shubha uyg’otmoqchi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Aleks Vatanka.
Erondagi bir universitet AQSh oliygohlaridan haydalgan amerikalik talabalar va professorlarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Chikago universitetining dotsenti Pol Poust hozirgi namoyishlar ko’lami va davomiyligi bo’yicha amerikalik talabalarning 1960-yillarda Vyetnam urushiga qarshi namoyishlariga yetmasligini aytadi.
“Hozirgi namoyishlar tabiiy bo’lsa-da, namoyishchilar esa mavzuga chuqur qayg’urayotgan bo’lsa-da, uni AQSh jamiyatining katta qismi uchun Vyetnam urushi paytida e’lon qilingan harbiy chaqiruvchalik jiddiy ahamiyatga ega mavzu deb bo’lmaydi”, - deydi olim.
Xitoy rahbarlari Amerikadagi namoyishlarni izohlagani yo’q. Xitoyning o’zida talaba namoyishlari man qilingan. Yaqinda bu mamlakatga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Amerika universitetlaridagi chiqishlarni olqishladi.
"Fuqarolarimiz o’z qarashlari, xavotirlari va g’azablarini istalgan payt shu tariqa bildira olishi demokratiyamiz nishonasidir”, - dedi u.
Biroq Blinken Falastinga xayrixoh namoyishchilarning XAMAS harakati bo’yicha munosabat bildirmayotganini tanqid qildi.