AQSh-Afrika aloqalari: Muammo va imkoniyatlar

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obama yaqinda Afrikaga qilgan safari chog’ida u yerdagi chuqur muammolar va keng imkoniyatlarga dunyo e’tiborini qaratdi.
Qo’shma Shtatlar bu qit’a bilan hamkorlikni oshirishi kerak, deydi Senatda so’zlagan rasmiylar va elchilar.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Afrika aloqalari: Muammo va imkoniyatlar/Shohruh Hamro


Afrikaga uch kunlik safari davomida Obama qator tashabbuslarni olg’a surgan edi, jumladan elektr ta’minotini yaxshilash, savdo-sotiqni kengaytirish hamda yoshlarni yetakchilik roliga tayyorlash.

AQSh Senatining Afrika masalalari bo’yicha quyi qo’mitasi rahbari, demokrat senator Kris Kuns fikricha, bundanda ko’proq ishlar qilinishi kerak.

“Obamaning safari AQSh Afrika bilan ishlashga xayrixoh ekanini ijobiy namoyish etdi. Savdo, energetika, yetakchilarni tayyorlash va kontrabandaga qarshi kurashga doir tashabbuslar hali vaqti kelib o’z mevasini beradi. Ammo hamkorlikni yanada kengaytirish zarur”, - deydi senator.

AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha muovini lavozimiga ko’rsatilayotgan Linda Tomas-Grinfild qit’a iqtisodiy kuchga to’lib borayotganini e’tirof etdi.

Amerika va Afrika o’rtasidagi savdo to’siqlarini kamaytirishga, qit’ani AQSh bizneslari uchun daromadbop go’sha deb targ’ib qilishga bor kuch-g’ayratimni sarflayman, deydi nomzod.

Afrika ham Qo’shma Shtatlar bilan tijoriy hamkorlikka tashna, deydi Ruben Brijeti, Afrika Ittifoqiga elchi etib ko’rsatilayotgan yana bir diplomat.

“Kontinentga safar qilganimda, ham biznes yetakchilar, ham siyosiy arboblar AQSh kompaniyalarini jalb etish haqida so’rashadi. Ayni paytda jadal o’sayotgan 10 kompaniyaning oltitasi Afrikada joylashgan. U yerda aholining 60 foizi 30 ga ham to’lmagan. Imkoniyatlar serob”, - deydi rasmiy.

Tomas-Grinfild, Afrikadagi ahvol bilan yaqindan tanish diplomatning aytishicha, katta potensial haqida gap ketayotgan bo’lsada, bugungi muammolar ham talay.

“Moliyaviy oshkoralik bo’lmagan va korrupsiya gurkiragan joyga sarmoyachilar qadam bosmaydi. Mojarolar va zaif boshqaruv ekstremist guruhlarga qo’l kelib, ular o’z ta’sirini yoyishi uchun qulay muhit yaratmoqda”, - deydi Grinfild.

AQShning Afrika jamiyatlariga ko’rsatib kelayotgan gumanitar yordami aholi farovonligini oshirish, hukumatlarni demokratik boshqaruvga undashga qaratilgan. Nigeriyaga elchi etib tayinlangan Jeyms Entvisl nazarida ko’mak uzoq muddatli strategiyaga asoslanishi zarur.

“Qaysi sohada ko’maklashmaylik, o’sha sohani mezbon davlatning o’zi kelajakda boshqara olishi, malakali mutaxassislarga ega bo’lishi kerak. Masalan, sog’liqni saqlash bo’yicha bir loyiha boshladikmi, demak sog’liqni saqlash vazirligini tubdan isloh qilish ham loyihaning bir qismi bo’lsin”, - deydi elchi.