Iqtisodni tiklash – AQSh siyosatchilari oldida turgan eng dolzarb masala. Muammo hal etilishiga to’siq bo’layotgan omil - respublikachi va demokratlarning murosaga kela olmayotgani. Ayni vaqtda ekspertlar orasida ham byudjet kamomadidan qanday qutulish borasida yakdil fikr yo’q.
Amerikaning nom chiqargan olim va iqtisodchilari krizisni yengish yo’llari ustida bosh qotirmoqda. Kapitoliyda har kuni bir kengash, Kongress a’zolari oldida ma’ruzalar.
Masala yuzasidan hamma turlicha fikr bildiradi. Butun umrini shu mavzuga bag’ishlagan mutaxassislar orasida ham uyg’unlik yo’q.
Alis Rivlin sobiq prezident Bill Klintonning qo’lida ishlagan. Iqtisodiy tiklashda asosiy rolni hukumat o’ynashi kerak deb hisoblaydi.
“Ishsizlik kamaymas ekan, turg’unlik davom etadi, turmush darajasi pasayaveradi. Odamlar ish bilan ta’minlansa davlat byudjetini muvozanatga keltirish ham osonlashadi. Lekin qisqa muddatda xarajatdan qochmaslik kerak”, - deydi Alis Rivlin.
Hozirda AQSh davlat qarzi misli ko’rilmagan 14,7 trillion dollardan oshgan.
Prezident Barak Obama Kongressdan ish joylarini yaratish to’g’risidagi 450 milliard dollarga teng dasturini tasdiqlashni so’rasa, muxolifat uni iqtisodni yaxshi boshqara olmayotganlikda ayblaydi.
Jorj Bush ma’muriyatida byudjet masalalari bilan shug’ullangan iqtisodchi J. D. Foster fikricha, biznesni bo’g’ib qo’ygan hukumatning o’zi.
“Iqtisodiy o’sish uchun imkoniyatlar serob. Ammo ulardan foydalanish uchun ishonch yetishmaydi: kelajakka, ertangi kunga ishonch, islohotga ishonch. Amerikadagi asosiy muammo – ana shu ishonch tanqisligida. Buning sababini esa Vashingtonning o’zidan izlash kerak”, - deydi Foster.
Karnegi Mellon Universiteti olimi Alan Meltzer ham bu fikrga qo’shiladi. U prezident Obamaning badavlat odamlar ko’proq soliq to’lashi haqidagi tashabbusini nishonga oladi.
“Kelajakda qancha soliq to’lash masalasidagi noaniqlik investorlarni qo’rqitib yubordi. Puli bor kompaniyalar ham uni ishga solmayapti. Natijada haliyam botqoqda o’tiribmiz”, - deydi Meltzer.
U kabi iqtisodchilar mehnat bozorini jonlantirishga qaratilgan federal dastur samara berishiga ishonmaydi. Soliqlarni oshirish vaqti emas hozir, aksincha kamroq xarajat qilish kerak, deydi ular.
Vakillar Palatasida hukmron respublikachi qonunchilardan ham ayni gapni eshitasiz.
“Hozirgi qarzimiz o’sishga to’siq bo’lib turibdi”, - deydi alabamalik senator Jeff Seshns. “Xususiy sektor kengayishga, odam yollashga tayyor, biroq hukumat bunga yo’l bermayapti”, - deydi u.
Iqtisodchi mutaxassislar deydiki, qanday islohotlar olg’a surilishidan qat’iy nazar Kongress e’tiborni qarz hajmini kamaytirishga qaratishi lozim. Ammo 14 million amerikalik ishsiz yurgan va iqtisodiyot o’sishdan to’xtagan bir paytda bu maqsadga erishish oson emas.