Inson huquqlari tashkilotlari vakillari va AQSh qonunchilari bilan o'tgan uchrashuvda Eron va Kuba bilan erishilgan tarixiy kelishuvlar bu mamlakatlardagi inson huquqlari holatiga e’tiborni susaytirmasligi kerak, degan xulosaga kelindi.
“AQSh Eron va Kubada diplomatiya orqali inson huquqlari masalasiga e’tiborni kamaytirmasligi lozim hamda Eronda faqat yadro tinchligini ta’minlash yoki Kubada faqat diplomatik aloqani tiklash bilangina kifoyalanib qolmasligi kerak”, - deydi Vashingtonda joylashgan “Ozodlik uyi” (Freedom House) tashkiloti rahbari Mark Lagon Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida o’tgan tinglovda.
“Kuba 100 nafar tinchlikparvar faolni hibsga olib turgan bir paytda AQSh katta tezlikda Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklayotgani tashvishlanarli hol”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Qo’mita raisi, respublikachi senator Bob Korker Eron va Kubadagi vaziyatga alohida to’xtalmagan bo’lsa ham, dunyo bo’ylab bu masalaga jiddiy e’tibor berish zarurligini qayd etdi.
“Inson huquqlari bo’yicha biz yuzlashayotgan eng katta muammolardan biri shuki, bizning hukumatlar bilan boshqa manfaatlarimiz bor va bu ba’zan inson huquqlari masalasini ko’tarish qobiliyatimizga ta’sir ko’rsatadi”, - deydi u.
Demokratiya va inson huquqlari bo’yicha AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Malinovskiy ham tinglovda qatnashdi.
Korkerga javoban u AQShning xavsizlik va forovonlik bo’yicha manfaatlari inson huquqlarini himoya qilish maqsadi bilan doim qarama-qarshi kelishi haqidagi qarashlar to’g’ri emasligini ta’kidladi.
“Ba’zan ayrim mamlakatlar bilan xavfsizligimiz uchun juda muhim bo’lgan mavzularda ishlaganimizda qisqa muddat uchun maqsadlarimizni kechiktirishimizga to'g'ri keladi. Ayrim vaqtlarda esa bu bizni boshqa muhim masalalar bo’yicha harakatlarimizni oshirishga undaydi”, - deydi Malinovskiy.
Kelib chiqishi kubalik bo'lgan demokrat senator Robert Menendez qonunchilarni Kubadagi inson huquqlari masalasiga yetarli e’tibor bermayotganlikda aybladi. Uning aytishicha, agar AQSh hukumat bilan ishlash uchun inson huquqlari toptalishiga ko'z yumadigan bo’lsa, bu AQSh uchun ishlar chatoq ekanidan dalolat.
Obama ma’muriyatiga kor’a, Gavana bilan diplomatik aloqalarning tiklanishi ikki mamlakat o’rtasida 50 yildan beri to’xtab qolgan aloqa va almashinuvlarni qayta yo'lga qo'yadi va bu o’z navbatida fuqaro erkinliklari hamda inson huquqlari masalasiga e’tibor oshishiga sabab bo’ladi.