Prezident Barak Obama Kubaga qatnashga doir cheklovlarni joriy yilda yengillatganidan beri orolga parvozlarni taklif qilayotgan aerportlar soni ko’paymoqda.
Ammo amerikalik oddiy sayyoh uchun bu hali ham orzu. AQSh savdo embargosi butunlay bekor qilinmagan. Kubaga maxsus ruxsat bilan va charter reys orqali uchish mumkin xolos.
Florida…Mayami shahrining Kichik Gavana mahallasida haqiqiy Kuba sigaralari sotiladi. Tozasidan. Lekin vatanni sog’ingan kubaliklar uchun buning o’zi yetarli emas.
Mashinada yarim soat yurib, Fort-Loderdeyl aeroportiga yetasiz. Tarixiy vataniga yo’l olayotgan kubaliklar hayajonda.
“Uzoq kutgan edik bu kunni”, - deya xursand yo’lovchilar. “Endi vatanga odamga o’xshab sayohat qilishimiz mumkin”.
Fort-Loderdeyl aeroportidan Kuba tomon ko’tarilgan ilk samolyotda 100 dan ziyod yo’lovchi bor edi. Oxirgi 20 yilda birinchi parvoz. Xursandchiligi ichiga sig’may ketgan kubaliklar rosa bayram qildi.
Yo’lovchilar orasida uyidagilarni 10 yil ko’rmaganlar ham bor. Tarixiy kun bu ular uchun.
“Boshimiz osmonda. Uzoq yo’l odamni ezib yuboradi, bilasiz. Samolyot esa juda qulay, chipta ham unaqangi qimmat emas”, - deydi yana bir yo’lovchi.
Fort-Loderdeyl Obama ma’muriyati cheklovlarni yumshatganidan beri Kubaga reyslar amalga oshirayotgan aeroportlardan biri.
Bungacha orol davlatga faqat Mayami, Nyu-York va Los-Anjelesdan uchish mumkin edi.
Vivian Mannerud Kuba tomon shu kabi parvozlarni rejalovchi kompaniya prezidenti.
“Tantana qiladigan kun bu. Chunki Kubaga borib-kelishni yengilroq, osonroq qila olganimiz, buning uchun ruxsat olganimiz katta yutuq. Oilangiz bilan diydor ko’rishishga nima yetsin”, - deydi rasmiy.
Lekin hamma ham shod emas.
“Kubaga yo’l ochish – xato qaror. Terrorizmni moliyalovchi davlatga eshiklarimizni ochib berayapmiz”, - deydi faol Emilio Izkerdo.
U “Kubalik-amerikalik vatanparvarlar va do’stlar” nomli fuqaro jamoasini boshqaradi. 1960-yillarda siyosiy qarashlari sabab Kuba qamog’ida ikki yil o’tirgan. Tarafdorlari bilan Kichik Gavanadagi kafelarning birida yig’ilib, Kastrolar siyosatidan so’zlaydi.
Demokratik o’zgarishlarni talab qilib kelayotgan faol Antonio Eskivel fikricha, AQSh-Kuba havo qatnovlaridan faqat bir tomon foyda ko’radi.
“Kastro ma’muriyatiga maza. Hamyoni pulga to’ladi. Boshqa sabab yo’q bu yerda”, - deydi u.
Sayyohlarning bu gaplarga javobi tayyor.
“Gap Kastro rejimiga pul tutqazishda emas. Oilalar bir-birini ko’rishi mumkin. Ko’p yillardan beri Amerikada yashab, ishlayotgan kubaliklarga yaxshi-ku! Har hafta borib-kelishlari mumkin”, - deydi ular.
“Onam, akam, singilim, rafiqam, yaqinlarim o’sha yerda. Yonimda yashashsa, har kuni ko’rishib tursak, qani edi”, - deydi yana bir sayyoh.
G’oyaviy jihatdan bir-biriga teskari Amerika va Kuba aloqalari hamon sovuq, o’rtada diplomatik rishtalar yo’q. Shunday ekan AQShda kun ko’rayotgan kubaliklar uchun bu muhim voqea.