"Defolt"ning oldi olindi, bu yog'i nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

"Defolt"ning oldi olindi, bu yog'i nima bo'ladi?

AQSh Senati davlat qarzi normasini oshirish xususidagi qonun loyihasini ma'qulladi.

Aks holda "defolt" yuz berishi, ya'ni mamlakat qarzni to'lay olmasligi mumkin edi.

Hujjatga qo'l qo'ygan prezident Barak Obama uzoq va qizg'in bahs-munozaralar ketidan respublikachilar va demokratlar bir yoqadan bosh chiqarib, bu zarur qarorga kelganidan mamnun.

Senatda loyiha tasdiqlanishi uchun 60 ovoz kifoya edi, lekin 100 a'zodan 74 nafari uni yoqlagan.

Barak Obama

Obama kelishuv muhim ekanini tan oladi. Ammo iqtisodiyotni oyoqqa turg'azish, byudjetdagi kamomadni pasaytirish uchun har ikki partiya birdek qayg'urishi, murosa qilishi va siyosiy o'yinlarni bas qilishi kerak, deydi u.

Prezident fikricha, boy amerikaliklar ko'proq soliq to'lashi kerak. Obamadan oldingi rahbar Jorj Bush davrida xususiy sektor uchun soliqlar kamaytirilgan va ko'plab imtiyozlar berilgan edi.

"Ularni bekor qilmas ekanmiz, yangi ish o'rinlari yaratish uchun mablag'ni qayerdan olamiz?" - deya so'raydi Obama.

Garri Rid, Senatda hukmron demokratlar sardori

Amerikaning yalpi ichki mahsuloti bu yili 15 trillion dollar bo'ladi, lekin xarajat undanda yuqori.

Respublikachilar nazarida iqtisodni ko'tarish uchun bizneslarni qo'llab-quvvatlash kerak. Ulardan ko'proq soliq talab qilish sarmoya oqimini pasaytiradi, savdo-sotiqning beliga tepadi, deydi konservatorlar.

Yangi qonun Amerikaga chet eldan ko'proq qarz olishga ruxsat beradi. Shuningdek, kelasi 10 yilda xarajatlarni bir trillion dollarga kamaytirishni ko'zlaydi.

Jon Beyner, respublikachilar yetakchisi, Vakillar Palatasi spikeri

Byudjetdagi kamomadni pasaytirish masalasini izchil o'rganib chiqish uchun maxsus qo'mita tuziladi. AQSh moliya siyosatida keskin o'zgarishlar kutilmoqda.

Amerika tashqi qarzini hamisha vaqtida, talab qilingan foiz bilan to'lab keladi. Lekin, deydi Moliya vaziri Timoti Gaytner, Vashingtondagi siyosiy janglar kreditorlarda xavotir uyg'otgan va natijada mamlakat reytingi tushishi mumkin. AQShga ishonch pasaydi, deydi Gaytner.

Reyting pasaysa, Amerika olingan qarz uchun ko'proq foiz to'lashga majbur bo'lib, ichki bozorda ham stavkalar ko'tariladi.