AQSh Mudofaa vazirligi keskin qisqartirishlar arafasida. Pentagon kelasi 10 yil ichida byudjetni 450 milliard dollarga kamaytirishi kerak.
Obama ma’muriyati xarajatlarni qirqmay iloj yo’q deydi.
So’nggi 10 yilda Iroq va Afg’onistondagi urushlar sabab harbiy sohaga ajratilayotgan mablag’ ikki barobar oshib, misli ko’rilmagan 700 milliard dollarga yetdi.
“Qiyin qarorlar qabul qilishga majburmiz”, - deydi Mudofaa vaziri Leon Panetta.
”Lekin harbiy salohiyatimizga zarar yetmasligi, qurolli kuchlar har qanday tahdidga qarshi tayyor turishi kerak”,- deydi u.
AQSh nazarida bugun asosiy dushman – terrorchilar. Ularga qarshi kurash esa an’anaviy urush emas.
Leon Panetta deydiki, bundan buyon urushlar tanklar bilan emas, zamonaviy texnologiya va yangicha qurollar bilan olib boriladi.
Kelasi besh yil ichida AQSh armiyasi 50 ming askarga kamayishi mumkin.
Vashingtondagi Mudofaa axborot markazi eksperti Vinslou Viler fikricha byudjetni kamaytirish to’g’ri qaror.
“2001-yil 11-sentabrdan keyin siyosatchilarimiz harbiy qudratni oshirish kerak deb chiqdi va butun e’tibor shunga qaratildi. O’ylamasdan pulni havoga sovurdik”, - deydi u.
Yana bir mutaxassis Makkenzi Iglen ta’biricha esa harbiy byudjetni 450 milliard dollarga qirqish no’to’gri. Zarari katta bo’ladi, deydi u.
“Shuncha pulni bekorga sarflayapmiz deya olmaymiz. Xarajatlar turli sohalarni o’z ichiga oladi va bir joydan qirqilgan mablag’ boshqa bir jabhaga putur yetkazib, salohiyatimiz pasayadi. Izchil o’ylab, qaror qilish kerak”.
Mudofaa vaziri Leon Panetta hali bir qarorga kelinmadi, lekin byudjet qisqarishi turgan gap demoqda.