Detroyt shahri vayronalarining yangi elektron xaritasi tuzilmoqda

  • Amerika Ovozi

Kartograflar ishda

Bir paytlar avtomobil sanoati bilan tanilgan Detroyt shahri kasodga uchraganidan keyin tashlandiq joylar, huvillab qolgan uylar va binolar ko’paydi. Yangi tuzilgan ishchi guruhi bo’shab yotgan joylarni tekshirib, maxsus elektron xarita tuzib chiqmoqda. Bu shahar qiyofasini o’zgartirish va obod qilish imkonini beradi.

Detroyt ko’chalaridagi chiqindi, eski uylar va tashlandiq zavodlar - shaharning o’tmishdagi qudratidan nishona.

Bir narsa qilish kerak, deydi Tia Kayra Bonner.

“Shu yerda tug’ilib o’sganman. Shahrimiz xavfsiz bo’lsin, deyman”.

U ko’chama-ko’cha yurib, har bir bo’lak yerni ko’zdan kechiradi.

Detroyt Kartografiya boshqarmasi yuzlab inspektorlarni safarbar etgan. Ular har bir tekshirilgan imorat haqidagi ma’lumotni elektron planshetiga yozib oladi.

“Mahallalarni aylanar ekanmiz, yonib ketgan, qarovsiz uylarning juda ko’pini ko’ryapmiz,” - deydi Bonner.

Inspektorlar to’plagan ma’lumot Detroyt shahar Kartografiya agentligidagi bosh kompyuterga yuboriladi va u yerda izchil o’rganilib, tahlildan o’tadi.

Jerri Paffendorf - inspektorlar ishlatayotgan programmani yaratgan kompaniya rahbari.

“Tekshirilgan imoratlar haqidagi ma’lumot – uning joylashuvi, holati – bir zumda xaritada paydo bo’ladi”.

Ma’lumot bazasi keng qamrovli bo’ladi.

“Shaharda 360 mingdan ziyod imorat bo’lsa, ulardan qariyb 180 mingtasini ko’rib, o’rganib bo’ldik,” - deydi mutaxassis.

“Detroytning har bir burchagiga mutaxassislarni yuboryapmiz,” - qo'shimcha qiladi Glenda Prays.

U obodonlashtirish loyihasiga bosh-qosh. Qarovsiz mulkni kartaga tushirish 1,5 million dollarga tushadi. Shtat va federal agentliklar, shuningdek, xususiy kompaniyalar ko’mak ko’rsatyapti. Maqsad - nafaqat tashlandiq joylarni aniqlash, balki ularni yo’q qilishdir.

“1,5 million dollar loyihaning bir qismini qoplaydi xolos. Asosiy muammo - mablag’ kamligi. Bu nihoyatda qimmat jarayon. Bu ishlarni bitkazish uchun kamida uch yil vaqt va qo’shimcha moliya kerak,” - deydi Prays.

Michiganning Detroyt shahri bir paytlar avtosanoat markazi edi. Iqtisodiy krizisga yuz tutgan, qarzga botgan shaharni axlat-chiqindidan tozalash, har bir keraksiz imoratni ta’mirlash yoki buzish 5-10 ming dollarga tushadi. Ushbu loyiha shaharni qayta qurish uchun tashlangan birinchi qadam.