Prezidentlikka intilayotgan respublikachilar orasida raqobat avjida

  • Amerika Ovozi

Ikki yetakchi da'vogar Mitt Romni va Rik Perri

AQShda kelasi yilning noyabr oyida prezidentlik saylovlari. Ungacha Respublikachilar Partiyasi demokrat Barak Obama bilan bellasha oladigan nomzod tanlashi kerak. Hozirda 10 dan ortiq amerikalik prezidentlikka da’vogar. Saralash jarayoni 3-yanvarda Ayova shtatida boshlanadi. Respublikachilar uchun shtatma-shtat ichki saylovlar.

Mitt Romni, Massachussetts shtati sobiq gubernatori, va Texas rahbari Rik Perri orasida raqobat avjida. Har ikkisi o’zini prezidentlikka munosib deb biladi. Debatlarda bir-biriga gap bermaydi, bir-biriga hujum qilishdan tinmaydi.

Perri deydiki, Romni noqonuniy muhojirlarni ishlatgan. Bunday odam qanday qilib immigratsiya muammosini yecha oladi? Axir Amerikada 12 milliondan ortiq hujjatsiz muhojir yuribdi, deydi Perri.

O’zini oqlashga shoshilgan Romni hovlisida noqonuniy immigrantlar ishlayotganini bilmagani va bu borada xabar topishi bilanoq chora ko’rganini aytadi.

Perri bu bilan qoniqmay, hujumni davom ettirdi. Romni raqibi yelkasiga qo’lini qo’yib, uni to’xtatishga urindi:

“Siz birovga gap bermas ekansiz, muammo mana shunda. Agar prezident bo’laman desangiz, hammaga gapirish imkonini berishni o’rganishingiz kerak”.

Romni esa Perriga u gubernatorlik qiladigan Texas shtati noqonuniy muhojirlar makoni ekanini eslatdi.

Noqonuniy immigratsiya kabi dolzab masala yuzasidan respublikachi da’vogarlarning har biri o’z fikriga ega. Minnesota shtatidan Kongress a’zosi Mishel Bakman prezident Obamaning qarindoshlari ham muhojir ekanini eslatadi. U boshliq “Choychilar” harakati, o’ta konservativ guruh, har qanday immigratsiyani cheklash kerak deb bong urib kelmoqda. Amerika faqat amerikaliklarniki, deydi ular.

Xerman Keyn, Jorjiya shtatidan chiqqan tadbirkor, Amerika prezidenti bo’lish uchun biznes sirlarini bilishning o’zi yetadi deydi. Tashqi siyosat ikkilamchi masala, deb hisoblar ekan, masalan O’zbekiston yoki uning rahbari kim ekanini bilishdan umuman foyda yo’q, deydi AQSh prezidentligiga da'vo qilayotgan Keyn.

Prezidentlikka da'vogar Xerman Keyn fikricha tashqi siyosat asosiy masala emas. "O'zbekiston singari ahamiyatsiz mamlakatlarning na nomini, na prezidenti ismini bilish muhim emas", deydi u.

Bu kichkina va ahamiyatsiz mamlakat, deydi g’ururga to’la siyosatchi.

Amerika matbuoti darrov uning gaplarini qoralab, tanqidiy maqolalar bosdi. Amerika global liderlik o’rnini boy bermoqchi bo’lsa, mana shunday bilimsiz odamlarni prezidentlikka saylaydi degan sharhlar bosildi.

Nahotki shunchalik ahmoq odam AQShni boshqarmoqchi? – degan savollar hamon yangramoqda.

Keyn esa hozir eng muhimi biznes sirlarini bilish deydi. Ish o’rinlari yaratish kerak. Amerika iqtisodini oyoqqa turg’azish kerak. Soliqlarni pasaytirib, xususiy sektorni quvvatlash lozim, deydi u. Uning bu takliflari ko’plab amerikaliklarga ma’qul. Ammo buning o’zi yetmaydi.

Tahlilchi Tom Defrank fikricha respublikachilar orasida kuchli nomzodlar yo’q. Birortasi shu paytgacha na iqtisod va na siyosat bobida arzigulik dastur yoki g’oyalar bilan chiqdi.

Barak Obamaning reytingi bugun 41 foizda, juda past daraja. Lekin raqib tomon zaif ekan, u qayta saylanadi deya ishonch bildirayotganlar juda ko’p. Kelasi bir yilda iqtisod yaxshilansa, ayni muddao, deydi demokratlar, Obamaning safdoshlari.