Saylov-2020: Trampning xatolari Baydenga qo’l kelyapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus pandemiyasi AQShda saylov kampaniyasini izdan chiqardi. Donald Tramp va uning demokratik raqibi Jo Bayden o’rtasida mafkuraviy kurash kechishi kutilgan edi. Buning o’rniga, deydi tahlilchilar, bu yilgi poyga natijasi prezidentning pandemiyani qanchalik eplashiga, shuningdek, iqtisodiyotga bog’liq.

AQShda koronavirusdan o’lganlar 50 mingdan oshdi. Ishsiz qolgan millionlab amerikaliklar hukumatdan yordam so’ramoqda. Pandemiya oqibatlarini yumshatish jarayoniga Prezident Tramp yetakchilik qilyapti.

“Bu uning kuchli jihati emas. Mamlakatni birlashtira olmayapti”, - deydi siyosatshunos Norman Ornsteyn.

Pandemiya boshlanganidan beri Tramp Oq uyda kundalik brifinglar o’tkazib kelmoqda. Tanqidchilarga ko’ra, u foydali ma’lumot berishdan ko’ra ko’proq o’zini targ’ib qilish bilan band.

Bunday yondashuv so’nggi haftalarda prezidentning xalq orasidagi reytingini tushirib yubordi. Tramp aholini testdan o’tkazishni shtatlar zimmasiga yukladi. Iqtisodiyotni ochish bo’yicha mujmal bayonotlar qildi. Gidroksixloroxin kabi dorilarni koronavirusga qarshi davo sifatida targ’ib qildi.

Buning ortidan shifokorlar odamlarni oqartirgich singari dezinfeksiyalash vositalarini ichish xavfli ekani haqida ogohlantirmoqda.

Ba’zi amerikaliklar karantin choralarini qoralab namoyishga chiqqanida, prezident ularga dalda berib turdi. Bir necha kun o’tib esa u Jorjiya gubernatorini cheklovlarni bekor qilgani uchun tanqid qildi.

“Tramp odatda kamchiliklar uchun boshqalarni ayblab, ijobiy yangiliklarni o’zlashtirish taktikasini qo’llaydi”, - deydi tahlilchi Mett Grossman.

Prezident, shuningdek, immigratsiyaga 60 kunlik taqiq joriy etdi. Virusning Qo’shma Shtatlarda keng tarqalishida, deydi u, vaqtida ma’lumot bermagan Xitoy aybdor.

Bu orada, Demokratik partiyadan prezidentlikka ehtimoliy nomzod Jo Baydenning reytingi oshmoqda. Mamlakatda saylovchilar bilan yig’inlar o’tkazilmayapti. Bayden uyidan turib omma bilan muloqot qiladi.

“Prezident o’z boshini o’zi yeyishini Bayden biladi”, - deydi Grossman.

Tahlilchilarga ko’ra, Baydenning hukumatdagi ko’p yillik tajribasi va Barak Obama prezidentligi davrida Ebola virusiga qarshi kurashga boshchilik qilgani unga qo’l kelmoqda.

“Tramp ma’muriyati qanday ishlashini odamlar ko’rib turgani oxir-oqibatda Baydenga foyda bo’ladi, albatta. Lekin saylov natijasini hozirdan bashorat qilish qiyin”, - deydi Ornsteyn.

Saylovdan oldin virus tarqalishi kamayib iqtisodiyot tiklana boshlansa, Trampning imkoniyatlari ham yaxshilanadi. Biroq kuzda bashorat qilinayotgan ikkinchi to’lqin va yana bir karantin Baydenga qo’l kelishi mumkin.