Qirg'iziston ahli AQShdagi saylovlarni qiziqish bilan kuzatmoqda

Qirg’iziston jamiyati siyosatga berilgan jamiyatlardan biri hisoblanadi. Amerikada nomzodlarning televizion bahslari, saylov oldi kurash borasida xabarlar Qirg’iziston telekanallarida tuzukkina o’rin egallaydi. Odamlar nomzodlar va’dalari va imkoniyatlari, Amerika istiqboli haqida fikrlari bilan o’rtoqlashadi.

“Ikki nomzod ham bir-biriga mosga o’xshaydi, bir-biriga bas kelayapti. O’sha debatni ko’rdim, Mitt Romni kuchlikroq ko’rindi ko’zimga. Ayni paytda Barak Obama ziyoliroq tutdi o’zini. Berigi odam qattiqqo’l ekani ko’rinib turibdi. Bu siyosiy kurash-ku. Nomzodlar o’zini yaxshi ko’rsatishga, xizmati, qobiliyatini ko’rsatishga intilishi tabiiy”.

“Menimcha, Obama kichik Bush singari siyosat yurgizayapti. Bu odam davlat rahbari lavozimiga kelgandan beri, ayniqsa, musulmon davlatlarida turli to’ntarishlar, g’alayonlar bo’layapti”, - deydi o’shlik faxriylar.

Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov fikriga ko’ra, har bir mamlakatda saylovlar arafasida va’dalar mavsumi boshlanadi.

“Amerikada ham ana shunday. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Obamaning mavqei biroz mustahkamroq. Chunki u ichki va tashqi siyosatda qator loyihalarni amalga oshirish bilan obro’sini ancha ko’tarib olgani aytilmoqda”, - deydi u.

Qirg’izistonliklar Amerikaning ko’proq tashqi siyosati haqida gapirishadi. Ko’pchilik nazarida dunyoda AQSh bosh suqmagan qit’a yoki jiddiy masala yo’q.

“Qayerda to’polon chiqsa, o’sha yerda Amerikaning qo’li bor. Bir vaqtning o’zida ikki tomonni qurollantirib, kerakli mablag’ bilan ta’minlab tomosha qilib, o’z mahsulotini o’tkazib yuradigan davlat bu”, - deydi o’shlik faxriy.

Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov fikricha, AQSh prezidentligiga nomzodlar foydalana olishi mumkin bo’lgan vaziyat va omillar talay.

“Mana hozir Yevropaning bir qator mamlakatlarida iqtisodiy qiyinchiliklar yuz bermoqda. Mana shunday sharoitda hozirgi AQSh ma’muriyati o’z mavqeini ancha mustahkamlab olishi mumkin. Bunday vaziyatlardan, albatta, saylov ishtirokchilari mumkin qadar yaxshiroq natijaga erishish uchun foydalanib qolishga harakat qiladi”, - deydi suhbatdosh.

Amerika Qirg’izistonga mustaqillik yillarida turli jabhalarda keng ko’lamli yordam berib kelmoqda. Suv ta’minotini qayta tiklash, maorifni rivojlantirish, xavfsizlik masalalari, ommaviy axborot vositalarini taraqqiy ettirishga yirik mablag’ ajratilgan.

Suhbatdoshlar deydiki, kim Amerika prezidenti bo’lishidan qat’iy nazar ikki mamlakat munosabatlari pozitiv rivojlanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika prezident poygalari haqida qirg'izistonliklar nima deydi? Ulug'bek Sokin



“Qirg’iziston kichkina davlat. O’lkamiz taraqqiyot yo’lida harakat qilmoqda. Shu bois kim bizga yordam qo’lini uzatsa, o’sha yordamni olishga majburmiz. Yirik sarmoyalar olib kelamiz, deyishadi, olaveramiz. Ammo o’z hududimizga turli harbiy bazalarni, menimcha, kirgizmaslik kerak”, - deydi suhbatdoshlardan biri.

Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonning geo-strategik ahamiyati Afg’onistonga bog’liq.

“Afg’onistondagi vaziyat, kelajagi Qirg’iziston mavqeini ancha yuqori darajaga olib chiqib qo’ydi. Shu nuqtai nazardan, hozir yetakchi davlatlar Qirg’izistonni imkon qadar ranjitib qo’ymaslikka harakat qiladi. Menimcha, qirg’iz-Amerika munosabatlarida yaqin kelajakda jiddiy o’zgarishlar ko’zda tutilmaydi. AQSh bu yerdagi manfaatlarini iloji boricha saqlab qolishga harakat qiladi”, - deydi tahlilchi.