Fazoda raqobat kuchaymoqda va AQSh uchun eng ulkan tahdidlar u yerda Xitoy va Rossiyadan, deydi general Bredli Chens Saltzmen.
Saltzmen Amerikaning samodagi harbiy amaliyotlari uchun mas'ul.
"Koinot hamma uchun birdek ochiq degan tushuncha bugun yaramaydi. Davlatlar u yerda o'zini qanday tutib, qanday qurollarni ishga solayotgani nazorat qilinishi zarur", - deydi general.
AQSh shu kunlarda Xitoy uning havo hududlariga shar uchirganidan norozi. Shar urib tushirilgan. Ikki davlat orasidagi aloqalar yanada taranglashgan.
Koinotda raqobat avj olganiga ancha bo'lgan. 1985-yilda Amerika sinov paytida sun'iy yo'ldoshni nishonga olib, yo'q qilgan. Shundan beri Vashington va Pekin samodagi salohiyatini kuchaytirish bilan band. 2007-yilda Xitoy, 2019-yilda esa Hindiston sun'iy yo'ldoshlarni qulatgan.
2020-yilda Rossiyaning ikki sun'iy yo'ldoshi Amerika tizimlarini kuzatayotgani fosh etilgan.
2021-yilda Rossiya o'zining shunday vositalaridan birini urib tushirgan. NATO bu ishni mas'uliyatsizlik, deb qoralagan.
Buni ham ko'ring Ekolog: Fazodagi chiqindi sun'iy yo'ldoshlar uchun xavfDavlatlar samodagi harbiy maqsadlari va faoliyati xususida hech kimga hisobot bermaydi, aksariyat hollarda hatto o'z aholisiga ham.
2019-yilda AQSh o'z samoviy armiyasiga asos soldi. General Saltzmen deydiki, Pentagon, Amerika Mudofaa vazirligi koinotda eng ilg'ori bo'lib qolmoqda va uning maqsadi butun jahon tinchligini ta'minlash.
Yerdagi urushlar, masalan, Ukrainadagi mojaro yadroviy arsenalga e'tiborni oshirar ekan, samoda ham o'ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, davlatlararo kommunikatsiya va kelishuvlar bag'oyat muhim, deydi ekspertlar."Samoga chiqmay turib ham unga hujum qilinishi mumkin. Kiber tahdidlar kuchaygan. Insoniyat hukumatlar koinotda nimalar qilayotganini bilishi kerak", - deydi general Saltzmen.
AQSh bu masalalarni hozirgacha Xitoy va Rossiyadagi tegishli idoralar bilan muhokama qilmagan, biroq Pentagon NATO doirasida hamkorlik shakllanganiga urg'u beradi.
"Biz mas'uliyatli faoliyat ustida kelishib olganmiz. Samoda ham yerdagi kabi xavfsizlik choralari ko'rilishi zarur. Muammolar vaqtida hal etilmasa, u yerda ham mojarolar boshlanishi muqarrar", - deydi Amerika generali.
"Koinotda ham xalqaro tartib joriy etilishi kerak. Shundagina xotirjamroq yashay olamiz".