Amerikada qurol savdosi va unga egalik huquqi yuzasidan qizg’in bahslar

Amerikada qurol savdosi va unga egalik huquqi yuzasidan qizg’in bahslar

Qo’shma Shtatlar qurol savdosiga kelganda qonunlari o’ta liberal mamlakat desak xato bo’lmaydi.

Fuqarolarga qanchalik erkinlik berishni har bir shtatning o’zi belgilaydi. Shunday joylar borki, ko’chada qurol olib yurish uchun ruxsat ham kerak emas.

Shu yil yanvarda Arizonada ro’y bergan qatliomdan so’ng ayrim qonunchilar nazoratni kuchaytirish kerak deb chiqmoqda.

Lekin qurolga egalik huquqini tish-tirnog’i bilan himoya qiluvchi tashkilot va lobbichi guruhlar, qolaversa fuqarolarni bunga ko’ndira olmaysiz.

Qurol ko’rgazmalari deyarli har bir shtatda muntazam ravishda o’tkazib turiladi. Jumladan Arizonada. Yil boshida bu yerda yuz bergan qatliomda 6 kishi halok bo’lgan, bir qonunchi qattiq yaralangan edi - Kongress a’zosi Gabriela Giffords.

Bu qonli fojiadan so’ng shtatda yana ikki bor yarmarka o’tkazildi. Qurol sotib olish qanchalik oson ekanini tekshirish uchun maxfiy agentlar oldi-sotdi jarayonini zimdan tasvirga tushirgan. Qarangki, buning uchun ruxsat ham, hujjat ham kerak emas ekan.

“Kimligimni tekshirmaysizmi?”, degan savolga sotuvchi “shart emas” deb javob beradi. Xaridor hujjatiga bir qarab, pulni sanab olaveradi.

Nyu-York meri Maykl Blumberg deydiki, jinoyatchilar va ruhiy kasal odamlarni xaridor o’rniga bir qo’yib ko’ring.

“Afsuski, qurol sotib olaman deb yarmarkaga borgan kishi bo’sh qaytmaydi. Talab ham, taklif ham, vositachilar ham bor”, - deydi Blumberg.

Tekshiruvni o’tkazish uchun Nyu-York ma’muriyati 100 ming dollar to’lagan.

Shahar politsiya boshlig’i Rey Kelli deydiki, Amerika uchun bu azaliy muammo.

“Yangilik shuki, biz qora ro’yxatdagi odamlar qo’liga qurol qanday qilib tushayotganini aniqlayapmiz va Kongressni chora ko’rishga chaqirayapmiz”.

Ammo Kongress bu borada chora ko’rishini kutmasa ham bo’ladi. Masalan, sig’imi katta miltiq va to’pponchalar savdosiga qo’yilgan taqiq 2004 yilda olib tashlangan.

Aksar qonunchilar nazoratni kuchaytirish tarafdori emas. Aksincha, hozirgi qonunlarni saqlab qolish va hatto kengaytirish uchun ovoz beradi.

Larri Prett, Amerika Qurol Egalari uyushmasi rahbarining aytishicha, hukumatga uning vakolat doirasini eslatib turish kerak. “Konstitutsiyada hammasi yozilgan”, - deydi u.

Begunoh odamlar o’lib ketmayaptimi degan savolga uning javobi:

“Ko’ngilsiz voqealar vaqti-vaqti ro’y berishi haqiqat. Lekin hukumat qurol-yarog’ ustidan mutlaq monopoliya o’rnatishi bundan dahshatliroq emasmi?”.

Nazoratni kuchaytirish tarafdorlari konstitutsiyani o’zgartirishga chaqirayotgani yo’q.

Nyu-York meri Maykl Blumberg deydiki, qurol yarmarkalarida kim nima xarid qilayapti va nima maqsadda, politsiya bu haqda ma’lumot to’plashga haqli. Qurol egalarining da’vosi shuki, mustabidlik o’zi shundan boshlanadi.