Kongress matbuotni qo'llovchi qonun qabul qilmoqchi 

  • Amerika Ovozi

"The Vindicator", 150 yildan beri Ohayo shtatida chiqadigan gazeta yopilib ketish arafasida

AQSh Vakillar palatasi ommaviy axborot vositalariga iqtisodiy imtiyozlar berish orqali ularni quvvatlashga bel bog'lagan.

Demokrat va respublikachi qonunchilar tashabbusi bilan hozirda muhokamada bo'lgan hujjatda ayniqsa bosma matbuotni saqlab qolish ko'zda tutilgan.

Taklifda qayd etilishicha, mahalliy gazeta va jurnallar aholi uchun suv va havodek zarur. Ularning yo'qolib ketishi odamlarni eng zarur axborotdan ayiradi, deydi Kongress a'zolari.

Qabul qilinsa, bu qonun matbuotga soliq imtiyozlari beradi, jumladan 25 ming dollargacha kredit.

Bu tashkilotlar nazarida mablag' katta bo'lmaydi, ammo ta'siri salmoqli, chunki ayrim xarajatlarni ko'taradi.

Har bir jurnalisti uchun mahalliy matbuot besh yil davomida 85 ming dollar olishi mumkin. Ya'ni, davlat muxbirning bir yillik maosini qoplashi kutilmoqda.

Buni ham ko'ring Amerikada talaba matbuoti azaldan ishonchli manba

Bu imtiyozlar faqat tuman, shahar va shtat nashrlari uchun rejalangan. Mamlakat bo'ylab ishlaydigan yirik OAVlarga hech narsa berilmaydi.

Bosma matbuotni saqlab qolish uchun kurashayotgan Stiven Voldman deydiki, hujjat tez orada ma'qullanishi kerak, chunki har bir kun g'animat.

Bu gazeta va jurnallarda reklama bergan bizneslar ham soliq imtiyozi oladi. Shu tariqa Kongress mahalliy tadbirkorlarni o'z hududlaridagi media bilan ishlashga undamoqchi. Qancha ko'p reklama bersa, shuncha imtiyoz, deya tushuntiradi qonunchilar.

Matbuot bugun va ertaga raqamli texnologiya asosida faoliyat yuritadi. Shunday ekan qog'ozdagi axborot kamayib boraveradi.

2021-yilda ham Kongress shunday tashabbus olg'a surilgan, ammo o'tmagan. Chunki Amerika erkin matbuot deganda hech kimga biror jihatdan tobe bo'lmaydigan tomonni tushunadi, deydi siyosatchilar.

"Matbuotni Kongress yoki boshqalar emas, omma talabi saqlab qoladi", - deydi Tim Franklin, Nortvestern universiteti professori.

Yangi qonun vaqtincha yechim, deydi u, aslida jurnalistika istiqboli jurnalistika sohasi egalari qo'lida.

Buni ham ko'ring Ikkinchi jahon urushidan bugungacha: "Amerika Ovozi" bosib o'tgan yo'l

Ayni damda Amerikada har hafta ikki mahalliy gazeta o'z ishini to'xtatadi. Biroq mahalliy xabarlar boshqa platformalarda yoritilmoqda. Yangi tizimlarga ham e'tibor zarur.

2019-yilda AQShda 360 dan oshiq gazeta yopilgan. 2005-yildan beri Amerikada bosma matbuotning chorak qismi yo'qqa chiqqan. 2025-yilgacha hozirgilarning uchdan biri faoliyatini tugatishi kutilmoqda.

Ikki asrdan beri chiqadigan gazetalar tarixga aylanayotgani achinarli, deydi Voldman, biroq borini asrab qolish ham matbuotchilar zimmasida.

Boshqa tomondan, Franklin fikricha, mahalliy muhitning oldingidek chuqur va keng yoritilmayotgani siyosiy ong pasayishiga olib bormoqda. Xolis axborot o'rnini ijtimoiy tarmoqlardagi ishonchsiz propaganda egallamoqda.

"Har tomonlama zararli. Demokratiyamizni yemiruvchi holat", - deya qo'shiladi Voldman.

Bosma matbuotdan osongina voz kechish strategik xato, deydi u. Amerika taraqqiyotida, jamiyatning ravnaqi va manfaatlarini himoya qilib, adolatparvarlikni targ'ib qilishda gazeta va jurnallarning xizmati beqiyos, deydi mutaxassis.

"Mayli, OAV endilikda boshqa ko'rinishda bo'lsin, biroq ta'siri va samarasini boy bermasligi kerak. Odamlar avvalo atrofida nima bo'layotganini bilishni xohlaydi. Mahalliy matbuot mahalliy muhitni yoritmasa, kim bu ishni qiladi"?

Kongressdagi muhokama davom etmoqda.