O'zbekiston AQShning inson savdosiga doir hisobotida past baho oldi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar sakkiz davlatni, jumladan O'zbekiston va Turkmanistonni inson savdosiga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda ayblab, ularni qora ro'yxatga qo'shdi. Ro'yxatda jami 27 mamlakat bor.

AQSh hisobicha, jahon bo'ylab inson savdosi jinoyatchilarga 150 milliard dollarlik foyda keltirmoqda.

Ro'yxatga bu yili Myanma (sobiq Birma), Gaiti, Jibuti, Papua Yangi Gvineya, Sudan va Surinam ham kiritilgan.

Mamlakatlar to'rt toifaga bo'linadi. O'zbekiston va Turkmaniston eng yomon hisoblangan to'rtinchi toifada.

Davlat departamenti Liviya, Suriya va Yamandagi murakkab vaziyat va mojarolar tufayli bu davlatlarning inson savdosiga qarshi kurashiga baho bera olmagan.

Inson savdosiga doir 16-yillik xalqaro hisobotni e'lon qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, inson savdosi doirasida jinsiy qullik va majbur mehnat - katta muammo.

"Gap zamonaviy qullik haqida ketmoqda, 20 million odam qul sifatida ishlatilmoqda", - deydi Kerri.

AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan O'zbekiston va Turkmanistonning to'rtinchi toifaga kiritilmayotganini tanqid qilib kelgan inson huquqlari tashkilotlari bu mamlakatlarning quyi pog'onaga tushirilganini olqishlamoqda. Ular O'zbekiston hukumatini fuqarolar va, xususan, bolalarni paxta terishga majburlashda ayblab keladi.

Davlat departamenti hisobotiga ko'ra, Toshkentdagi hukumat bu qonunbuzarliklarni xalqaro kuzatuvchilardan yashirishga harakat qiladi.

“Paxta kampaniyasi” xalqaro guruhi 30-iyun kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga bu xususida maktub yo’lladi.

“AQSh hukumati bu hukumatlarni inson huquqlarini toptayotgani uchun javobga tortayotganini olqishlaymiz, - deydi Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva. – Bugun Davlat departamenti fuqarolarini zo’ravonlik yordamida ishlashga majburlaydigan davlatlar reytingning eng quyi pog’onalarida turishga loyiqligini ma’lum qildi”.

2015-yilgi paxta terimi mavsumida mustaqil inson huquqlari faollari hujumlar uyushtirildi, deyiladi Paxta kampaniyasi bayonotida. “Yelena Urlayeva bir necha marta hibsga olindi, O’ktam Pardayevni hibsga olib, so’ngra uy qamog’iga mahkum etishdi, Dmitriy Tixonov esa uyiga o’t qo’yilganidan keyin qochishga majbur bo’ldi. Ayni vaqtda O'zbekiston hukumatining odamlarni ishlashga majburlashi amaliyoti o’zgarmay qolmoqda. Rasmiylar bir milliondan ziyod o’zbekistonlikni paxta ekish va terishga majburlaydi, bosh tortganlar ishini yo’qotishi, ijtimoiy to’lovlardan mahrum qilinishi, o’qishdan haydalishi va jarimaga tortilishi mumkin”, deyiladi maktubda.

Qo’shni Turkmanistonda ham paxta terimiga aholini majburan jalb qilish amaliyoti keng tarqalgan.

“Hayratlanarlisi shuki, bunday amaliyotlar uzoq vaqt davom etyapti. Hukumatlar va xalqaro tashkilotlar O’zbekiston va Turkmaniston hukumatlariga bosim o’tkazishi va paxta dalalarida majburiy mehnatdan foydalanish amaliyotini to’xtatishni talab qilishi lozim. AQSh bu ma’noda boshqalar uchun o’rnak”, - deydi Mehnat tashkilotlari xalqaro uyushmasidan Keti Feyngold.

O’zbekiston va Turkmaniston paxta eksporti bo’yicha beshinchi va yettinchi o’rinlarda turadi. Paxta savdosidan millionlab dollar daromad olinadi, ammo bu mablag’ nimaga sarflanishini aholi bilmaydi. Ma’lumotlarga ko’ra, pullarni hukumat rasmiylari o’zlashtiradi, deyiladi bayonotda.