AQSh prezidenti Barak Obama keng ko’lamli immigratsiya islohotini taklif etdi, ammo qonun loyihasi Kongress tomonidan qabul qilinganicha yo’q. Demokratlar va respublikachilar o’zaro kelisha olmayapti. Mamlakat bo’ylab bizneslar rahbarlari iqtisodiy o’sish davom etishi uchun muhojirlarga muhtojmiz, deya bong urmoqda. Yaqinda Texasning Xyuston shahrida bo’lib o’tgan biznes-forumda aynan shu masala muhokama qilindi.
So’nggi yillarda minglab iqtidorli odamlar maxsus qobiliyat va ma’lumotli shaxslarga beriladigan H1-B vizasini ololmayapti.
Nyu-Meksiko shtati sobiq gubernatori va AQSh sobiq Energetika vaziri Bill Richardson tizimni o’zgartirish kerak, deydi.
“Talaba vizasi bilan o’qib yurgan iqtidorli yoshlar, muhandislar, kompyuter bo’yicha mutaxassislar shu yerda qolib, Amerika ravnaqi yo’lida mehnat qilsin”.
AQSh Tijorat palatasi va boshqa biznes tashkilotlar H1-B vizasini kengaytirish kerak, deydi, ayniqsa dunyoning turli mamlakatlaridan kelib, AQSh universitetlarida tahsil olayotgan, ammo o’qishni tugatgach, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan yoshlar uchun.
Xyustondagi “Precision Task Group” tashkilotidan Massi Viyareal Amerikada qolayotganlarga talab juda katta, deydi.
“Bunday ishchilarni topish va yollash uchun biz oyiga 30 ming dollar sarflaymiz. Mijozlarimiz yuqori malakali, noyob mutaxassislarni topib berishimni so’raydi. Bu oson emas. Ancha izlab topganimda, raqiblarim yiliga 10 ming dollar ko’proq maosh taklif qiladiyu, ularni “ilib ketadi””, - deydi u.
O’tgan yili H1-B vizasini olish uchun 172 mingta ariza topshirildi. Ammo qonunga ko’ra, faqat 85 mingtasi qondiriladi.
Prokuror Charlz Foster “Greater Houston Partnership” tashkilotida immigratsiya bo’yicha ishchi guruhini boshqargan.
“Bu nuqsonli tizim. Dunyodagi eng iqtidorli odamlarga viza olish uchun bir yilda faqat bir marta ariza topshirish mumkin, o’shandayam muvaffaqiyat ehtimoli 30 foiz atrofida,” - deydi u.
Islohotlar tarafdorlari orasida respublikachilar ko’p, ammo Fosterning aytishicha, partiyaning immigratsiya siyosatini “choychilar” belgilaydi.
“Ularning g’azabi, qarshiligi asosan mish-mishlar va qochirma gaplarga asoslangan, haqiqatga emas. Agar ular bilan uchrashib, immigratsiya islohoti aslida nimani anglatishini tushuntirsangiz, fikri batamom o’zgaradi,” - deydi Foster.
Shunga qaramay, aksariyat konservatorlar islohotlarga qarshi. Chunki immigratsion islohot deganda ular mamlakatga qonunni buzib kirib kelganlarni avf etish deb tushunadi.
Demokrat Bill Richardson va uning partiyadoshlari noqonuniy muhojirlarga qonuniy maqom, so’ngra esa fuqarolik berish tarafdori.
“Hozirda mamlakatda hujjatsiz ishlab yurgan 11 million odamni yorug’likka chiqarishimiz kerak. Ular AQSh iqtisodining sermahsul ishtirokchisiga aylansin,” - deydi u.
Kongressdagi respublikachilar H1-B vizasi sonini ko’paytirishga rozi, ammo qolgan qonunlarni o’zgartirishga shoshilmayapti. Demokratlar esa barcha noqonuniy muhojirlarga qonuniy maqom berish kerak deb keladi.
Munozaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Bu esa, mutaxassislarga ko’ra, minglab ish joylarini yaratishda va shu bilan birga jahon iqtisodida AQSh raqobatbardoshligini oshirishda to’g’anoq bo’lmoqda.