Amerika mehnat bozorida joriy yil bitiruvchilar uchun ish o’rinlari ko’paygan. Oxirgi rasmiy hisobotlardan qiyos. Lekin bu imkoniyat xalqaro talabalar uchun doim ham muhayyo emas. Chunki bu mutaxassislar AQSh iqtisodiyotiga katta hissa qo’sha olsa-da, qonuniy va ijtimoiy to’siqlardan o’tishi mushkul.
Amerikada 2016-yilda o’qishni bitirayotganlar uchun imkoniyatlar serob.
“Accenture” konsultantlik firmasi o’tkazgan tahlilga ko’ra, bitiruvchilarning 88 foizi o’z sohasida ish topishiga ishonadi. 2015-yilda bu raqam chamasi 60 foiz edi.
“Kelgusida nima bilan shug’ullanishni oldindan o’ylab qo’ygan. Mehnat bozorini bilishadi. Karyera haqida o’ylab qo’ygan. Kollej va universitetga kirishdan oldin izlangan”.
Ammo bu tahlil hammaga ham birday taalluqli emas.
“Birinchi beradigan savollari: Amerikada ishlash uchun ruxsating, hujjating bormi?” - deydi Xua Yu Sebastyan Chern, Nyu-York universiteti professori.
Chet ellik studentlar o’tgan yili Amerika iqtisodiyotiga o’qish orqali 30 milliard dollardan ko’p daromad keltirgan. Lekin ular mehnat bozoriga kirishiga qonuniy, ijtimoiy to’siqlar bor.
AQShdagi kompaniyalar chet ellik studentga 12 oylik amaliyot uchun viza berish bilan cheklanadi. Bundan ko’proq sarmoya, qonuniy himoyani ko’p kompaniyalar havola qilmaydi.
“Kompaniya xorijlik studentga H1B vizasini olib berishi uchun 10-20 ming dollar xarajat qilishi kerak. Buning uchun AQSh hukumatiga hujjatlar yo’llanishi kerak. Ishi ko’p” , - deydi Chern.
Bin Chin Jo Xitoydan. Bakalavr darajasini olganidan keyin ish topishi juda qiyin bo’ldi:
“Hech kim sizga sponsorlik, homiylik qilishni xohlamaydi. Boshqa mahalliy mutaxassisni yollash osonroq. Ortiqcha qog’ozbozlik kimga kerak?”
U 2013-yilda grin-kartani qo’lga kiritdi. Shunga qaramasdan, imkoniyatlari hanuz cheklangan, deb hisoblaydi. Jo buni ingliz tili ona tili emasligi bilan izohlaydi. Xorijlik boshqa studentlar nima deydi?
“Men biror murakkab mavzu, fikrni tushuntirib berishim qiyinroq. Ko’proq vaqt ketadi. Lekin harakat qilaveraman”, - deydi Areli Kordova. U meksikalik, Fulbrayt dasturi qatnashchisi. Qo’shma Shtatlarda ozchilik elatlar yuzlashayotgan muammolarni o’zida sezdi. Ijtimoiy himoya yetmaydi, yanglish tasavvurlar…
“Sistema ozchilik elatlarga yordam bermaydi. Bu xalqlar boshqalarga qaraganda ikki karra qattiqroq mehnat qilishi kerak” , - deydi Kordova.
Jo uning oldidagi dovonlar katta ekanini, biroq yengib o’tsa bo’lishini tan oladi. Amerika orzusiga yetishish yo’lida kurash bu.