AQSh Eron hukumati, markaziy bankini qattiqroq jazoladi

  • Amerika Ovozi

100,000 rial salkam 10 dollar turadi

Prezident Barak Obama Eron hukumati va markaziy bankiga nisbatan yangi, keskinroq sanksiyalar qo’ydi.

"Bu davlat banklari pul operatsiyalarini yashirish uchun “shubhali usullarni qo’llamoqda”", deydi u.


Bu Eronning AQSh nazoratidagi barcha mulki muzlatiladi degani. Rasmiy Tehronga aloqador har qanday hisob nishonga olinadi.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi so’nggi bir necha haftada Eron markaziy banki va neft sanoatiga qo’yilgan iqtisodiy jazoni oshirgan edi.

Shu paytgacha Amerika banklari Eron bilan bog’liq o’tkazmalarni rad etib kelgan, endi esa mablag’ muzlatiladi.

AQSh Eron hukumati, markaziy bankini qattiqroq jazoladi

Maqsad bu davlatni uranni boyitishdan qaytarish, daromaddan ayirib, xalqaro hamjamiyat bilan o’z yadro dasturi haqida ochiq gaplashishga majburlash.

Boyitilgan uran ham harbiy, ham tinch yo’llarda qo’llanishi mumkin. Mamlakatda sanksiyalar asorati sezilayotgani, milliy valyuta rial qiymati keskin pasayib borayotgani haqida hisobotlar bor.

Rasmiy Tehronning bildirishicha, yer ostidagi Fordo majmuasida uranga ishlov berila boshlagan. Bu zavod mahsulotni qisqaroq muhlat ichida tayyorlash xususiyatiga ega, deydi Eron mutasaddilari.

G’arb davlatlari va Isroil nazarida islomiy respublika yadro quroli ustida ishlamoqda.

Sal avval Obama Isroil Eron atom dasturiga zarba berish haqida hali bir to’xtamga kelgani yo'q, degan edi.

"Vashington va Quddus muammoga diplomatik yechim topish umidida", - deydi u.

Isroil yadroviy dasturni o’ziga tahdid deb biladi.

Rasmiy Tehron tajribalari ilmiy maqsadni ko'zlashini aytib, ayblovlarni rad etib keladi.

Erondagi Busher atom zavodi reaktori

“Fors ko’rfazidagi har qanday harbiy amaliyot ziyondir. Jumladan, Amerika uchun ham”, - deydi Obama.

“Neft bahosi oshadi. Eronga qo’shni Afg’onistonda askarlarimiz xizmat qilmoqda. Ularni ham o’ylang. Shu sabab ixtilofga muzokara yo’li bilan yondashish, tinch yechim topish kerak".

"Ammo ehtiyot shart qurolni ishga solish zaruratini ham o’ylab qo’yganmiz. Eron bombani qo’lga kiritishiga, beqaror mintaqada qurol poygasi avj olishiga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Amerika rahbari.