Amaldagi prezident Barak Obamadan Oq uyni tortib olishga shay respublikachilar ham iqtisod, ham tashqi siyosatda mamlakat yangi yo’nalishdan borishi kerak degan fikrda. So’nggi payt Eron bilan aloqalar tarang. Islomiy respublika Fors ko’rfazida harbiy mashqlar o’tkazib, AQSh kemalari yaqinlashmasin deb ogohlantirgan.
Eronga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ta’sir qila boshlaganidanmi, bu davlat so’nggi payt AQShga nisbatan tanqidni keskinlashtirdi. Shu bilan birga, harbiy qudratini ko’z-ko’z qilishga harakat qilmoqda.
Yaqinda Eron strategik ahamiyatga ega Xo’rmuz bo’g’ozida harbiy mashqlar o’tkazdi. Agar G’arb sanksiyalarni kuchaytiradigan bo’lsa, bo’g’ozni yopishini bildridi.
AQSh Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogar Mitt Romni nazarida, Eronga nisbatan siyosatni o’zgartirish vaqti yetgan.
“Barak Obama yengilgina sanksiyalar bilan cheklanib yuribdi. Tehronda xalq qo’zg’alganida ular yonini olmadi. Va nihoyat, Eronning yadroviy dasturiga qarshi konkret reja va harbiy tayyorgalik ko’rib qo’ygani yo’q”, - deydi muxolif partiya a’zosi.
Ma’lumki, G’arb davlatlari, xususan Qo’shma Shtatlar Tehronni yadro quroli yaratishga urinayotganlikda ayblab keladi. Eron buni inkor etadi.
Prezidentlikka yana bir kandidat Rik Santorumning Eronga maslahati quyidagicha:
“Yadroviy inshootlaringizni xalqaro inspektorlarga ochib bering, maqsadingizni ochiq bayon qiling. Aks holda, biz bu inshootlarni bombardimon qilib, yo’q qilamiz”.
Tahlilchilar ta’biricha, respublikachilar Eron haqida katta gapirgani bilan, ulardan hech bir yangi taklif chiqayotgani yo’q.
“Saylovchilarga qaratilgan vahimali gaplar asosan. Nima qilish kerak degan savolga javob yo’q”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Jeyms Lindsi.
Yaqinda Ayovadagi saylovda safdoshlari orasida uchinchi o’rinni egallagan kongressmen Ron Pol yana bir urush boshlashga qarshi.
“Shoshib, Eronni bombardimon qilsak, bundan ham ko’proq muammolarga duch kelamiz”, - deydi u.
Saylovoldi jarayonni kuzatib borayotgan ekspertlar Amerikaning dunyodagi qudrati haqida gapirish orqali siyosatchilar o’z obro’sini oshirish va ko’proq ovoz olishga harakat qilayotganini aytadi.
“Eron biz uchun jumboq. Yadroviy potensialini ham, maqsadlarini ham aniq bilmaymiz. Respublikachi nomzodlar uchun bu ayni muddao, chunki bu haqda to’xtamasdan gapirish mumkin. Tarafdor orttirish uchun”, - deydi Amerika universitetida siyosatshunos Jennifer Loless.
Biroq ayrimlar fikricha, o’ylamay aytilgan so’zning ham oqibatlari bo’lishi mumkin.
“Maqtanib o’z qudratini ko’z-ko’z qilish va harbiy operatsiyalar haqida gapirish haqiqiy urushga olib kelmasa bo’lgani”, - deydi Jamol Abdi, Vashingtondagi Eron-Amerika kengashi rahbari.
Amerikaning Tehronga nisbatan siyosati sanksiyalar emas, balki muloqotga asoslansa yaxshiroq bo’lardi, deya qo’shimcha qiladi mutaxassis. Ammo saylov yilida buni orzu qilmasa ham bo’ladi.