AQSh Isroilning chorshanba kuni G’azo Sektorining Xon-Yunus shahrida BMT tayyorgarlik markaziga hujumini qoraladi. Isroilga qarashli ikki tank muassasani nishonga olgan, zarba paytida markazda minglab falastinlik jon saqlayotgan bo’lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
BMTning mahalliy idorasiga ko’ra, hujumda 13 kishi o’lgan, o’nlab odam yarador.
Isroil voqeani tergov qilishga kirishganini bildirgan holda binoga XAMAS raketasi tekkanini da’vo qiladi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilni tinch aholini himoya qilishga yana bir bor da’vat etdi.
Minglab falastinlik Xon-Yunusni tark etmoqda.
Payshanba kuni esa Isroilning G’azo shahriga hujumida gumanitar yordam olishga navbatda turgan odamlarning 20 nafari nobud bo’ldi, 150 kishi yaralangan. Al-Nuseyrat qochqinlar lageridagi uyga hujumda esa olti falastinlikning o’lgani xabar qilinmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G’azo chegarasiga yaqin joyda yashovchi isroilliklarni kelajak hujumlardan himoya qilish uchun o’rtada bufer zonasi yaratilishi haqida ma’lum qildi.
“XAMAS bizni yo’q qilmoqchi bo’ldi. Ammo biz uni yo’q qilamiz. Biz mamlakatimizda chuqurroq ildiz otib, dushmanlarimizni ildizi bilan qo’porib tashlaymiz”, - dedi u.
Qo’shma Shtatlar Falastin hududini o’z ichiga olgan bufer zonasini o’rnatish rejasiga qarshi. Ikki ittifoqchi o’rtasidagi yana bir kelishmovchilik ikki tomonlama aloqalarga putur yetkazishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar.
“Vashingtonda Isroil harakatlaridan asabiylashish kuchaymoqda. Bunga bir sabab Netanyaxuning AQSh iltimoslarini ochiqdan-ochiq rad etishi. Vashington Isroilga cheksiz va shartsiz yordam uzatsayu, Isroil uning yuziga tupursa. Bu albatta AQShga yoqmaydi”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi” tahlil markazidan Robert Blecher.
Isroil Vashingtonning urushdan so’ng Falastin davlatini barpo etish da’vatlariga ham quloq solgani yo’q. BMT rahbari noroziligini yashirmadi.
“Falastin xalqini huquqlaridan ayirish va ularni qabul qilmaslik global tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan mojaroning cho’zilishiga olib keladi”, - dedi Antoniu Guterrish.
7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida G’azoda 25700 dan ortiq odam o’lgan, minglab g’azolik vayronalar ostida qolayotgani aytiladi.
Jahon sudi Isroil masalasida dastlabki qaror chiqardi
Bu o’rtada Jahon sudi Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi da’vosi bo’yicha dastlabki hukmini e’lon qildi. Gaaga sudidagi 17 ta sudyadan 15 tasi Isroil G’azo Sektorida qatliom holatlarining oldini olishi, falastinliklar uchun gumanitar vaziyatni yaxshilashga chora ko’rishi kerak degan qarorni qo’llab-quvvatladi. Sud buning uchun Isroilga bir oylik muhlat berdi.
Biroq hukmda Janubiy Afrikaning asosiy talabi qondirilmagan. Xalqaro adliya sudi G’azoda qatliom ro’y berganini hozircha tan olgani yo’q, Isroildan harbiy harakatlarni to’xtatishni ham talab qilgani yo’q.
Sud qarorida XAMASdan garovga olingan odamlarni shartsiz ozod etish so’raladi.
Sud binosi yonida to’plangan Falastinga xayrixoh odamlar sud Isroilga sulh e’lon qilishni buyurmaganidan afsusda ekanini bildirishdi.
“So’nggi 75 yildan beri istilo ostida bo’lgan Falastin xalqi uchun adolatga erishishning yagona yo’li edi bu”, - deydi 22 yashar bir falastinlik.
Shunga qaramay Falastin rasmiylari Jahon sudi hukmini olqishladi. Ramalloh hokimi Issa Kassis uni birinchi ijobiy qadam deb ko’radi.
"Xalqaro hamjamiyatdan Isroilga bosim qo’yishda davom etishni so’raymiz. Janubiy Afrikaga bunday jasoratli harakati uchun minnatdorchilik bildiramiz”, - dedi u.
Jahon sudi Isroildan bir oy ichida hukm va tavsiyalari asosida hisobot tayyorlashni so’radi.