Nelson Mandela, ozodlik timsoli, global qahramon

  • Amerika Ovozi

Nelson Mandela, 1918-2013

Janubiy Afrika Respublikasining sobiq rahbari, irqchilikka qarshi kurashib, global qahramonga aylangan Nelson Mandela 95 yoshida vatanida vafot etdi. Dunyo uni xotirlamoqda.

"Insoniyat eng matonatli, vijdonli va mas'uliyatli vakillaridan biridan ayrildi. U endi abadiyat tomon yo'l oldi",- dedi Barak Obama, AQSh rahbari, Oq uydan turib xalqqa murojaat qilar ekan.

"Odam borki, teng yaralgan. Irq, rang, jins, elat, din - bular insonni ajratmaydi, bir-birini kamsitish uchun asos emas, balki jamiyatlarni birlashtiradigan, tinch-totuv yashashi uchun zamin yaratadigan omillar deya ishongan u",- deydi prezident.

"Balki Nelson Mandela kabi noyob shaxs boshqa bo'lmas. Shu bois ham ular qoldirgan ma'naviy, ijtimoiy-siyosiy merosni asrab-avaylashimiz, undan saboq olishimiz kerak".

Dunyoning boshqa mamlakatlari kabi AQShda ham Nelson Mandela qahramon sifatida tilga olinadi. Lekin Amerika rahbarlarining bu buyuk arbobga munosabati turli davrlarda turlicha bo’lgan. Sovuq urushi paytida u kommunist, ya’ni Amerika dushmani deb sanalgan bo’lsa, keyinchalik aparteidga qarshi kurashchi, jasorat timsoliga aylangan.

Your browser doesn’t support HTML5

Nelson Mandela va AQSh, Behzod Muhammadiy



1962-yilda AQSh prezidenti Jon Kennedi Afrikada yangi mustaqil davlatlar vujudga kelganini olqishlaydi:

“Bu biz uchun notanish qit’a, chunki shu paytgacha u yerda Yevropa hukmronlik qilgan. Endi esa biz Afrika bilan aloqa o’rnatmoqchimiz. Manfaatlarimiz mutlaqo beg’araz. Tijorat sohasida munosabatlar bo’lmagan, ekspluatatsiya qilmaganmiz. BMTning Afrikaga oid siyosatini qo’llab-quvvatlab kelganmiz. Biz qit’aning mustaqil bo’lishi tarafdorimiz”.

Kennedi Jazoir, Gana va Gvineya rahbarlari bilan hamkorlik qilgan bo’lsa-da, lekin Mandela yetakchiligidagi Afrika Milliy Kongressiga e’tibor bermagan.

Oq tanlilar hukmron Janubiy Afrika Vashingtonning Sovuq urush davridagi eng yirik savdo hamkorlaridan bo’lgan. AQSh undan uran sotib olgan, u yerda o’z floti va to’rtta raketani aniqlash stansiyasini joylashtirgan. Mamlakat ozod etilsa, kommunistlar hokimiyatga kelishidan cho’chigan Vashington aparteid rejimiga qarshi sanksiyalar kiritilishiga qarshi chiqqan.

Prezident Lindon Jonson davrida ham kommunistlarga qarshi siyosat davom etgan.

Nikson va Ford ma’muriyatlari ham oq tanlilar hukumatini qo’llab-quvvatlagan, ayniqsa, Mandela Kubaning inqilobchi rahbari Fidel Kastro bilan hamkorlikni boshlaganidan keyin. 1975-yilda 30 ming Kuba askari Angolaga kiritilgan va Janubiy Afrika qo’shinlariga qarshi kurashgan.

“Janubiy Afrika qo’shinlari Angolani bosib olganida kubaliklar chetdan qarab tura olmaydi”, - degan edi o’shanda Fidel Kastro.

1978-yil AQShda Jimmi Karter prezidentligi davrida Davlat kotibi Sayrus Vans BMTning Janubiy Afrika bo'yicha delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. O’shanda Janubiy Afrika hozirgi Namibiya hududini bosib olgan edi. Karter ma’muriyati bu davlatga nisbatan qurol-yarog’ embargosini joriy etsa-da, iqtisodiy sanksiyalar qo’llanishiga rozi bo'lmagan.

Nelson Mandela va katta Jorj Bush

Karter Janubiy Afrika bilan muzokara qilinadi, bu mamlakat mineral ishlab chiqarishda erkin dunyo uchun strategik ahamiyatga ega deya qayd etgan.

Yozuvchi Jon Arkila keyingi prezident, Ronald Reygan tashqi siyosati haqida shunday deydi:

“Sovuq urush avjiga chiqqanida Janubiy Afrika vanadiy va boshqa minerallar, ya’ni eng muhim strategik boyliklar olinadigan joyga aylandi. Davlatning avtoritar irqchi hukumati fursatdan foydalanib, bu boyliklar savdosini yo’lga qo’ydi. Biz sotib oldik, chunki dushmanimiz Sovet Ittifoqi bunday boyliklarga ega edi”, - deydi Arkila.

AQShda amaldagi siyosatdan norozi talabalar aparteidga qarshi namoyishlarga zo'r berdi. Natijada Kongress prezident Reyganning iqtisodiy sanksiyalarga qarshi qarorini bekor qildi.

Kongress a’zosi Luis Stoks Janubiy Afrika elchixonasi oldida bo’lgan namoyishlarni shunday eslaydi:

“Hech qanday jinoyat sodir etmagan Nelson Mandela xalqi uchun kurashgani sababli qariyb 28 yil qamoqda o’tirgan ekan, biz Janubiy Afrikadagi aparteid rejimining adolatsiz siyosatiga qarshilik tariqasida va bu muammoga e’tibor qaratish maqsadida bir kunni qamoqda o’tkazsak arziydi”, - deydi Stoks.

Nelson Mandela va AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, 6-avgust, 2012-yil.

1990-yilda Mandela qamoqdan ozod etildi. AQShning o'sha damdagi prezidenti Jorj Bush yangi siyosiy o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlab, Janubiy Afrika bilan aloqani mustahkamlay boshladi.

“Mandelaning ozod etilishi nihoyatda ijobiy hodisa. Qilinadigan ishlar hali ko’p, lekin u bizning quvvatlovimiz va minnatdorchiligimizga sazovor”, - degan edi Jorj Bush.

1994-yilda Mandela Janubiy Afrika xalqi tomonidan birinchi qora tanli prezident etib saylandi. Prezident Bill Klinton uni qahramon deb atadi.

“Uzoq vaqt davomida Nelson Mandela erkinlik timsoli bo’lib keldi. Aparteid uning ovozini o’chira olmadi. U ozodlikka chiqqanida Janubiy Afrikada adolat uchun kurashgan barcha amerikaliklar xursand bo’ldi”, - dedi u.

Bush Mandelani Oq Uyga taklif qildi, jasorat siymosi deb atadi. Ammo Mandela hamon AQShning terrorchilar ro’yxatida bo’lgani bois Kongress uning mamlakatga kirishi uchun maxsus ruxsatnoma berishi kerak edi.

Kongress a’zosi Barbara Li har ikki partiya bu masalani birgalikda tezkorlik bilan hal qilganini aytadi.

“Bu masalada Davlat kotibi, respublikachilar va demokratlar, ya’ni hammamiz Afrika Milliy Kongressi va Nelson Mandelaga nisbatan dahshatli siyosatni tugatish maqsadida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qildik”, - deydi u.

Prezident Barak Obama Nelson Mandelaning xalq oldidagi xizmatlarini yuqori baholab, “talaba bo’lamizmi, sotuvchi yoki dehqon, vazir yo prezident, u butun insoniyat uchun o’rnak bo’lib qoladi”, deydi.

Nelson Mandela (1918-2013)


Alvido, Mandela


Nelson Mandela, ozodlik timsoli, global qahramon