Amerikaliklar bugun xabarlarni asosan internetdan oladi

  • Amerika Ovozi

"Nyu-York Tayms" gazetasining qarorgohi

AQShda o’tkazilgan so’nggi izlanish natijasiga ko’ra, iqtisodiy tanazzul oqibatida axborot agentliklari muxbirlarining bir qismini ishdan bo’shatib, faoliyatini susaytirishi natijasida odamlar axborotni olish uchun ko’proq internetga murojaat qila boshlagan.

Xususan so’rovda qatnashgan odamlarning uchdan biri eski axborot manbasidan voz kechganini oshkor qilgan. Byudjet muammolari sabab muxbirlar mavzularni chuqurroq o’rganmay qo’ygan, televizion yangiliklarda esa xabarlar soni va uzunligi qisqargan.

Ma’lum bo’lishicha, CNN kabi kabel televideniyelari kundalik axborotni yoritish o’rniga intervyularga ko’proq urg’u bermoqda.

So’rov natijalariga ko’ra, 30 yoshgacha bo’lganlarning 28 foizigina televideniyeni tomosha qilar ekan. 2006-yilda bu raqam 42 foizga teng edi.

Moliyaviy tanqislik sabab axborot agentliklari xorijdagi byurolarini yopishga majbur bo’lyapti. Davlat departamenti va Pentagon kabi yirik davlat idoralariga biriktirilgan jurnalistlar soni ham kamaymoqda.

Gazeta va televideniyega qiziqish susayar ekan, internetdan xabar olish ommaviylashmoqda. Yirik axborot vositalari internet reklamadan yetarlicha foyda olmagani uchun o’quvchilarning bu agentliklar saytlariga kirishi pullik qilingan. 1380 ta kundalik gazetadan 450 tasi internetdagi sahifalarini pullik qilgan yoki qilmoqchi. Natijada ular onlayn reklamaga qaraganda internet obunadan ko’proq pul ishlamoqda.

So’rovdan yana shunisi ma’lumki, AQShda aholining 15 foizi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqa odamlardan, voqea guvohlaridan o’rganadi.