Chula Vista - muhojirlarni himoyasiga olgan shahar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning bir qancha shaharlari noqonuniy muhojirlarni himoya qiladi. Ularning farzandlariga maktabga qatnashga, haydovchilik guvohnomasini olishga ruxsat berilgan. Tramp ma’muriyati bu shahar va okruglarga yordamni qirqish haqida farmon imzoladi. Kaliforniya shtatining Chula Vista shahrida bo’ldik.

AQSh-Meksika chegarasidan 15 kilometr narida Kaliforniyadagi eng yirik maktablar tizimi joylashgan. Aksar bolalar ispanzabon, 35 foizi ingliz tilini o’rganadi. Maktablarning yarmida darslar ikki tilda olib boriladi.

“Ingliz tili qatorida ispan tilini ham bilish - bu bir boylik”, - deydi okrug boshqaruvchisi Fransisko Eskobedo.

2016-yilgi prezidentlik poygasida muhojirlarga qarshi qilingan bayonotlar Kaliforniya maktablarini chora ko’rishga undadi. Eksobedo ota-onalarga maktub yo’llab, xavotir olmang, hujjati bormi, yo’qmi, farzandingiz haydalmaydi, deya ishontirdi.

Chula Vista shahri - immigrantlar o’chog’i. Maktablarda hech kim hijjat so’ramaydi. Bolalar ikki tilda ta’lim oladi.

“Talabalarimiz AQSh va Meksika o’rtasida bordi-keldi qiladi. O’qituvchilar ham ikki tilda bemalol so’zlashadi”, - deydi ma’murlardan biri Emma Sanchez.

Oltinchi sinf o’quvchisi Valeriya asli Meksikaning Tixuana shahridan. U yerga muntazam boraman, juda qulay, deydi u.

“Otam Meksikada, onam Amerikada. Har ikkisini ko’rib turaman”, - deydi qizaloq.

Til bilish Amerikadagi tengdoshlari bilan ham, Meksikadagi qarindoshlari bilan ham muloqot uchun zarur.

To’rtinchi sinf o’quvchisi Lusiyaning ota-onasi Meksikada. Uning o’zi Kaliforniyada buvisi va bobosi bilan yashab, maktabga qatnayotganidan xursand.

Har ikki tilni bilsam, katta bo’lganimda ish topish oson bo’ladi, deydi o’quvchi.