Bin Laden yo'q qilindi, lekin Afg’onistonda harbiy rejalar o’zgarmaydi

Bin Laden yo'q qilindi, lekin Afg’onistonda harbiy rejalar o’zgarmaydi

AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon zobitlarni Afg’onistondan chiqarish rejasi ustida o’ylanmoqda. Jarayon iyulga belgilangan.

Al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’ldirilgach, ayrim qonunchilar nazarida bu sanani oldinga sursa bo’ladi. Biroq Pentagon rahbariyati reja o’zgarishsiz qoladi, demoqda.

“Afg’onistonda hali to’la yutuqqa erishmadik. Vaziyat qaltis, vaziyat istagan payt o’zgarishi mumkin”, - deydi ular.

Bahorda Tolibon faollashgan, haqiqiy natijani yoz oxirida, jang mavsumi tugagach ko’rsa bo’ladi.

Bin Laden yo'q qilindi, lekin Afg’onistonda harbiy rejalar o’zgarmaydi

Afg’onistonning janubiy Hilmand viloyatida koalitsiya kuchlariga bir yil qo’mondonlik qilib, AQShga qaytgan general Richard Millsning aytishicha, g’alabaga yolg’iz harbiy kuch bilan erishib bo’lmaydi.

“Oddiy xalq biz tomonda bo’ladi deb o’ylayman. Axir ular tinch hayotga o’rganmoqda, farzandlarini maktabga chiqardi”, - deydi u.

Xavfsizlik bobida yutuqlar yo’q emas. Armiya va politsiyaning malakasi oshgan.

“Aholi sog’liqni saqlash, maktablar qurish, ish o’rinlari yaratishga qaratilgan dasturlardan bahramand”, - deydi general Mills.

Muammolar hali ham talay, ayniqsa korrupsiya. Aynan shu tufayli o’tgan oy janubdagi Qandahor shahar qamoqxonasidan ko’plab tolib mahbuslar qochgan.

Bin Laden yo'q qilindi, lekin Afg’onistonda harbiy rejalar o’zgarmaydi

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Entoni Kordsmen ham muammolar haqida gapiradi.

“Harbiy sohada ko’p ishlar qilindi, huquq-tartibot organlarini kuchaytirdik, ammo davlat boshqaruvi oqsayapti. Mahalliy darajada, tumanlarda hukumat ko’ngildagiday ishlamayapti”, - deydi u.

AQShning Afg’onistondagi strategiyasi tanqidchilaridan hisoblangan Kordsmen joriy yilda haqiqiy ijobiy o’zgarishlarga guvoh bo’ldik, deya yutuqlarni ham tan olmoqda.

Muhimi, Afg’onistonda amerikacha demokratiya va kapitalistik tuzumni singdirish g’oyasidan qaytib, oddiy, erishsa bo’ladigan maqsadlar belgilangan.

“Davlat idoralari faoliyati va xavfsizlikni ta’minlash, aholini Tolibon va al-Qoidadan himoya qilib, o’zlari bilganday normal hayot kechirishga imkon yaratish shular jumlasidan”.

2014-yilga borib mamlakat xavfsizligi uchun mas’uliyat AQSh va NATO dan afg’on kuchlariga to’liq o’tadi. Ungacha mana shu vazifalarni uddalash kerak. Buning uchun, deydi tahlilchi Kordsmen, armiya, politsiya va davlat idoralari faoliyati afg’on madaniyati bilan hamohang bo’lishi zarur.

Bin Laden yo'q qilindi, lekin Afg’onistonda harbiy rejalar o’zgarmaydi

General Millsning aytishicha, AQSh qo’shinlari hozirda aynan shuning ustida ishlamoqda.

“Yondashuvimiz ancha o’zgargan. Jarayonga mahalliy oqsoqollar, yetakchilarni jalb qilib, ular bilan maslahatlashyapmiz, afg’on xalqi ehtiyojlarini ulardan o’rganyapmiz. Ularga nima kerakligini biz belgilamasdan, institutlar, tizimni hamkorlikda yaratyapmiz”, - deydi general.

Tahlilchi va harbiylar nazarida Amerika va ittifoqchi davlatlar o’tgan yili Afg’onistonda qo’shinlar sonini oshirib, to’g’ri ish qildi. Ammo qo’shimcha madad iyulgacha belgilangan xolos.

Obama ma’muriyati ularni vaziyatga qarab chiqaramiz, degan. Qo’lga kiritilgan yutuqlarning puxtaligi ham shunda sinalib, askarlar vataniga ertaroq qaytishiga imkon yaratishi mumkin.