Pentagonning har ikki yilda o’tkazadigan yopiq so’rovnomalariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar harbiy akademiyalarida jinsiy tazyiq va ta’qib hollari 50 foizga ortgan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Mudofaa vazirligining chora-tadbirlariga qaramay vaziyat o’nglanmagan.
So’rovnoma natijalariga ko'ra, oxirgi o’quv yilida 747 holatda xohishga qarshi jinsiy aloqa va zo’rlash yuz bergan. 2015-2016-yilda bunday holatlar 507 ta deya qayd etilgan edi.
Ayol kursantlarni zo’rlash va zo’rlashga moyillik holatlari ortgan. Xohishga qarshi teginish bo’yicha erkak harbiylar orasida ham jabr ko’rganlar bor.
Mudofaa vazirligiga ko’ra, 16 foiz hollarda ayol kursantlar jinsiy ta’qibga uchrasa, erkaklar harbiylarning ikki foizi xohishga qarshi jinsiy tajovuzni boshdan kechirgan.
Pentagonning yopiq so’rovnomasi AQSh harbiy akademiyalaridan uch tasida o’tkazilgan. Ularda har bir o'quv yurtida erkaklarning 70 foizi, ayollarning esa 80 foizi qatnashgan.
AQSh harbiylari orasida jinsiy ta’qibning oldini olish bilan mashg'ul markazga ko'ra, choralar ish bermagan.
2017-2018-o’quv yilida AQSh Harbiy akademiyasi, AQSh Havo kuchlari akademiyasi va AQSh Dengiz kuchlari akademiyasida jinsiy ta’qib yuzasidan 117 ish ochilgan. 2015-2016-yillarda esa 112 ta ochilgan edi.
AQSh Armiya vaziri Mark Esper va armiya qo’mondoni general Mark Milli ham vaziyat qoniqarsiz ekanini aytib, muammo bilan kurashish dasturlarini qayta ishlab chiqishni buyurgan.
“AQSh harbiylari orasida jinsiy ta’qib va tazyiqqa yo’l qo’yib bo’lmaydi. Bunday muammolar xalqimiz tinchligi va xavfsizligi yo’lida kurashga tayyor bo’lishimizga to’s’qinlik qiladi”, - deya bayon qildi Pentagon.