Shu kungacha 23 ta shtatdagi partiyaviy saylovlarda g’alaba qozongan demokrat Berni Sandersga uning tarafdorlari o’rta hisobda 27 dollardan pul bergan. Sanders Hillari Klintonga boy berdi.
Prezidentlikka harakat qilgan respublikachi Jeb Bush esa mashhur siyosiy sulola vakili bo’lgani sabab katta mablag’ yig’a olgan bo'lsa ham fevral oyida kampaniyasini to’xtatishga majbur bo’lgan edi.
Bu ikki misoldan ma'lumki, AQSh siyosatida pul bilan barcha darvozalar ochilavermaydi. Ammo siyosatshunoslar ham, oddiy xalq ham moliya nihoyatda katta ahamiyatga ega, deydi.
“Pyu” (Pew) tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov xulosasiga ko'ra, buning oqibatlari ko'pincha salbiy. Dekabr oyida o’tkazilgan so’rovda aksar qatnashchilar saylov kampaniyalari xarajatini kamaytirish kerak, aks holda yaxshi nomzodlar poygada qatnasha olmaydi, deb fikr bildirgan.
Rekord raqamlar
“Eng davomli va eng qimmat saylovlar faqat AQShga”, - deya qayd etadi San-Fransisko universiteti professori Ken Goldsteyn.
Prezident lavozimi uchun targ'ibot kamida bir yarim yil oldin boshlanadi. Masalan, respublikachi Ted Kruz Oq uyga da’vo qilish niyatini 2015-yil martida e’lon qilgan edi.
2012-yilgi saylov 6,3 milliard dollarga tushgan. Bu tarixdagi eng katta raqam.
Ammo 2016-yilgi sarfiyat undan-da oshib ketadi. May oxiriga qadar nomzodlar va ularni dastaklayotgan super-PAKlar (siyosiy harakat qo’mitalari) 1,2 milliard dollardan ziyod mablag’ yig’ishga muvaffaq bo’ldi. Hillari Klinton kampaniyasi doirasida bu ko’rsatkich 85 millionga yetdi, uni quvvatlayotgan super-PAKlar esa 204 million to’pladi.
Milliarder Donald Tramp o'z kampaniyasi uchun asosan shaxsiy boyligidan foydalanmoqda. Ammo o’tgan oy u Respublikachilar milliy qo’mitasi bilan kelishgan holda donorlardan 500 ming dollardan yig'ib olishga qaror qildi.
Donorlarga qaramlik?
Siyosatshunos Norman Ornsteynning aytishicha, prezidentlikka da’vogarlar faqat pul hisobiga kampaniya olib bormaydi. Xalq ularni taniydi, shu bois keng ko’lamli reklamaga ehtiyoj yo’q.
Kongressga va mahalliy organlarga saylanish boshqa masala. Ko’pgina senatorlar yirik donorlarga ma’qul kelmaydigan qonunlarni qo’llab-quvvatlamaganini tan olgan, deydi Ornsteyn.
"Sudyalar qanday saylanishi meni juda ko'p tashvishlantiradi", deydi mutaxassis. "Masalan, Viskonsin hamda Shimoliy Karolinada Oliy sud a'zolarini saylashda muayyan nomzodlarni qo’llab-quvvatlash uchun katta mablag’ sarflangan. Katta korporatsiya yoki badavlat odam ishi ko’rilganida sudyalar adolatli hukm chiqaradimi, shunisi muhim".
Siyosatga ta’sir qila oladigan nodavlat tashkilotlar, qonunga ko’ra, barcha homiylarini oshkor etishga majbur, biroq bu sohada ham katta pul aylanadi: 2006-yilda 5,2 million dollar, 2012-yilga kelib esa 300 million.
“Umuman olganda, AQShda korrupsiya deganda poraxo’rlik emas, badavlat odamlar va korporatsiyalarning siyosatga ta’siri tushuniladi. Yegan og’iz uyalar deganlaridek, donorlardan mablag’ qabul qilgan siyosatchilar ularga qarshi qarorlarni ma’qullamaydi. AQSh dunyodagi eng katta davlat. Shu bois siyosiy sohadagi egri amaliyotlar butun dunyoga ta’sir qiladi”, - deydi “Public Citizen” nodavlat tashkiloti rahbari Robert Vaysman.
Ammo qayd etish joiz, ko’plab boshqa davlatlarga qaraganda, AQSh siyosiy tizimi shaffof, deydi Amerika universiteti professori Kendis Nelson.
Cheklovlarga qarshi
“Xalqqa [siyosiy platformani, islohotlarni, qonun loyihalarini] tushuntirish uchun katta mablag’ zarur. Nomzodlarning donorlardan pul olishini cheklash to’g’ri emas”, - deb hisoblaydi Vashingtondagi “Foli end Lardner” advokatlik firmasidan Kleta Mitchell.
“Masalan, Donald Tramp tekinga olgan reklama vaqti 2 milliard dollarga teng. Bu bilan hatto Jeb Bush bellasha olmasdi. Media korporatsiyalar ham katta ahamiyatga ega”, - deya qo’shimcha qiladi u.