AQSh Janubiy Xitoy dengizi barchaga ochiq ekanini eslatmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar hududiy tortishuvlarga sabab bo’lib kelayotgan Janubiy Xitoy dengiziga tobora ko’proq harbiy kemalarini safarbar etmoqda. Pandemiyaga qaramasdan, deydi kuzatuvchilar, Vashington Xitoyning ekspansiya siyosatiga qarshiligini va undan hayiqayotgan kichikroq ittifoqchilarini quvvatlashda davom etishini namoyish etyapti.

Xitoy dengizning taxminan 90 foizini o’ziniki deb biladi va COVID-19 davrida ham bu suvlarda harbiy harakatlarini to’xtatgani yo’q.

Vashington har yili Janubiy Xitoy dengiziga kemalarini yuboradi. Donald Tramp prezidentlikka kelganidan so’ng ular soni yanada oshgan.

“Xitoy propagandasi shuki, AQSh hukumati COVIDni nazorat qilishga qodir emas. Amerika zaifligini ko’rsatmaslik uchun mana shunday ishlarga qo’l urmoqda”, - deydi professor Karl Tayer.

Navigatsiya erkinligi

Buni ham ko'ring AQSh Janubiy Xitoy dengizida hamon ittifoqchilar tomonda

Yanvar oyida AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Montgomeri kemasi Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orol yaqinidan suzib o’tdi. Fevral va mart oylarida hech qanday boshqa amaliyotlar e’lon qilinmadi. Aprel oxirida esa dengizda yana ikki amaliyot o’tkazilgani haqida xabar tarqatildi. AQShning ikki kemasi 7-mayda dengizdan suzib o’tgan.

AQSh rasmiylari bu harakatlarni erkin navigatsiya bilan izohlaydi. Chunki, deydi ular, Xitoyning territorial da’volariga qaramasdan bu yo’nalishlar xalqaro qatnov uchun ochiq bo’lishi lozim.

“Janubiy Xitoy dengiziga kemalarni muntazam safarbar etib, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari shaffoflik, qonun ustuvorligi, navigatsiya va uchib o’tish erkinligini qo’llab-quvvatlaydi. Ushbu tamoyillar Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik va farovonlik uchun zamin yaratadi, toki barcha davlatlar bundan naf ko’rsin”, - deyiladi flot bayonotida.

Xitoy da'vogarlik qilayotgan orollar

AQShning Tinch okeani floti leytenanti Jeyms Adams dengizda joriy yildagi to’rt amaliyotni tasdiqlab, shunday deydi:

“Barcha operatsiyalarimiz, qaysi joylarga haddan ziyod da’vo qilinayotgani va hozirgi kun voqealariga qaramasdan, AQSh xalqaro qonunchilik ruxsat bergan hududlarda suzishini, uchishini va ish olib borishini ko’rsatadi”.

Baliqchilik, energetik zaxiralar

Buni ham ko'ring AQSh: Xitoy qo'shnilarini qo'rqitishga harakat qilmoqda

Bruney, Xitoy, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam tabiiy zaxiralarga boy, baliqchilik uchun qulay 3,5 million kvadrat kilometrlik dengizning turli qismlariga birdek da’vogar. 2010-yildan buyon Xitoy kattaroq orollarda harbiy inshootlar qurib, ustunlikni qo’lga olishga harakat qilayotgani AQSh noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari AQSh kemalari qaytganini pinhona oqlishlaydi, deydi kuzatuvchilar. O’tgan bir yilda Malayziya, Vyetnam va Filippin o’zlari da’vo qilayotgan suvlarda Xitoy kemalariga duch kelgan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert Xuan Chun-Tinga ko’ra, AQSh Janubiy Xitoy dengiziga qaytgani qisman Xitoy ekspansiyasiga nisbatan qo’rquvni yumshatishga qaratilgan.

“Bu regiondagi boshqa mamlakat aholisiga, xususan, Xitoy psixologik urush olib borayotgan Tayvanga signal”, - deydi u.