Kelasi hafta AQSh rasmiylari Shimoliy Koreya delegatsiyasi bilan bu davlat yadro dasturini muhokama qiladi. Muloqot Pekinda o'tadi.
AQSh delegatsiyasiga prezident Obamaning Shimoliy Koreya bo'yicha maxsus vakili Glen Deyvis rahbarlik qiladi. Tomonlar to'xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish haqida gaplashadi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, AQSh va hamkor davlatlar rasmiy Pxenyan 2005-yilda imzolangan bitimga rioya qilishga tayyormi, yo'qmi, bilmoqchi. Hujjatga ko'ra, atom dasturidan voz kechish evaziga Shimoliy Koreyaga siyosiy va iqtisodiy yordam taklif etilgan.
"Rasmiy Pxenyanning shartnomaga munosabatini bilmoqchimiz va ularga bir nechta savollarimiz bor", - deydi Nuland.
Shimoliy Koreya olti tomonlama muzokaralardan 2009-yilda chiqqan. Qo'shma Shtatlar bu mamlakatda rahbar o'zgarib, atom dasturi masalasiga munosabat qanday ekanini o'rganmoqchi.
"23-fevraldagi uchrashuv qanday kechishini oldindan aytish qiyin. Ko'p savollarimiz javobsiz qolgan. Bu gal ayrimlariga javob olamiz degan umiddamiz", - deydi Davlat departamenti rasmiysi.
Pekindagi muloqotga ko'nishdan oldin Qo'shma Shtatlar Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va Rossiya bilan maslahatlashgan. Bu davlatlar olti tomonlama muloqot ishtirokchilaridir.
AQSh rasmiylari bundan ko'p narsa kutmasligini aytmoqda. Amerikaning Janubiy Koreyadagi elchisi San Kimning aytishicha, Pxenyan xalqaro hamjamiyat xavotirlariga barham berishi lozim.
"Muzokara jonlansa, Shimoliy Koreya unga jiddiy yondashadimi? Shuni bilmoqchimiz", - deydi elchi.
Pxenyan Qo'shma Shtatlar bilan yuzma-yuz, birga-bir muloqot qilishni afzal ko'radi. Biroq Janubiy Koreya chetda qolib ketishni istamaydi. Oq uy nazarida ikki Koreya munosabatlarida olg'a siljish bo'lsagina, Vashington-Pxenyan aloqalarida ijobiy o'zgarish bo'lishi mumkin.
Ayni damda Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya va Qo'shma Shtatlar bilan diplomatik aloqasi yo'q.
Rasmiy Seul AQSh yordamida yarim orol yadrodan xoli zonaga aylanishiga umid qilmoqda.
Shimoliy Koreya 2009-yilda muzokaralardan chiqqanidan beri uzoq masofali raketasini uchirdi, ikkinchi bor yadro qurolini sinadi, uranni boyitish dasturini oshkor qildi.