Obama xususiy sektorga katta imtiyozlar va’da qildi

  • Amerika Ovozi

Obama xususiy sektorga katta imtiyozlar va’da qildi

Prezident Barak Obama Amerika kompaniyalarini vatanda ish o’rinlari yaratishga chaqirib, soliq imtiyozlari va’da qildi. Xorijga emas, AQShning o’ziga sarmoya kiriting, deydi u.

Obama Qo’shma Shtatlar faqat moliyaviy spekuluatsiya, qarz va chetdan mahsulot sotib olish bilan tanilmasin, deydi.

“Sifatli tovar ishlab chiqarib, sotib nom chiqaraylik. “Amerikada ishlangan” deb tamg’a bosib, faxrlanaylik”, - deydi davlat rahbari.

Kongressda Byudjet kamomadini pasaytirish bo’yicha qo’mita vakili, respublikachi senator Rob Portman fikricha, mamlakat iqtisodini yaxshilash uchun Amerika mahsuloti xorijda nom qozonishi lozim.

Obama xususiy sektorga katta imtiyozlar va’da qildi

“Boshqa davlatlar bilan raqobatda bo’sh kelayapmiz”, - deydi u. “Yillar davomida qilingan ortiqcha xarajat, olingan qarz va zaif iqtisodning asorati bu. Hozirda AQSh qarzi va milliy daromadi deyarli tenglashib qolgan”.

Senator Portman nazarida Amerika ichki bozor bilan o’ralashib qolmasligi, eksportni oshirish orqali ish o’rinlari yaratishi kerak.

Uningcha, Amerika firmalari yolg’iz ichki bozorga tayanmasligi kerak, chunki jahon bozorida 75 foiz iste’molchi – xorijdan. Asosiy raqiblar Germaniya, Yaponiya va Xitoy eksport bozorini o’ziniki qilib olgan hisob, AQSh esa chetda qolib ketgan, deydi senator.

Respublikachi siyosatchi AQSh kompaniyalariga solinadigan soliqni kamaytirish lozim deb hisoblaydi.

Obama xususiy sektorga katta imtiyozlar va’da qildi

Nyu-Yorkdan iqtisodiy tahlilchi Deyvid Malpass bu fikrga qo’shiladi.

“Amerikada ko’proq odam kasbli-joyli bo’ladi, zavodlar ishga tushadi shunda. Bugun nima bo’layapti? AQSh firmalari vatanda qarz olib, xorijda fabrikalar qurayapti, chunki u yerda soliqlar pastroq”, - deydi mutaxassis.

Rob Portman so’zlariga ko’ra, Amerika erkinlik va inson huquqlari yetakchisi bo’lib qolishi kerak. Iqtisodiy qiyin davrda xorijga yordamni kesish kerak degan talablar o’rinsiz, deydi u.

“Chetga uzatilayotgan yordam byudjetning ikki foizini tashkil etadi, biroq katta muammolarni hal qiladi. Amerika madadi korrupsiyaga qarshi kurash, erkinlik, inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qiladi”, - deydi senator.

Oq uy rasmiylari bu fikrlarga qo’shiladi va biznes sohasida o’zgarish qilishning tashqi ijtimoiy-siyosiy yordamga daxli yo’q ekanini aytadi.