Pentagon va maxfiy xizmatda yangi rahbarlar kutilmoqda

  • Amerika Ovozi
Dushanba kuni prezident Barak Obama respublikachi sobiq senator Chak Xeyglni mudofaa vaziri, aksil-terror bo’yicha maslahatchisi Jon Brennanni esa Markaziy razvedka boshqarmasiga rahbar etib tayinladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama hukumatidagi yangi nomzodlar


Prezidentlikning ikkinchi muddatiga kirishish oldidan Obama davlat xavfsizligi uchun mas’ul yangi komandasini taxt qilib qo’ymoqchi. AQSh rahbari Senatni nomzodlarni tezda ma’qullashga undamoqda.

Chak Xeygl - Vyetnam urushi qatnashchisi, iste’fodagi harbiy. Mudofaa vaziri Amerikada no-harbiy arbob. Pentagon ustidan demokratik nazoratni ta'minlash uchun odatda bu lavozimga harbiylar tayinlanmaydi. Lekin Obama nazarida Xeygl Kongressga saylanib, xalq ishonchini qozongan va uning xizmatida bo'lgan lider.

“Xeygl urush nimaligini biladi”, - deydi prezident. “Askarlar haqida qayg’uradi. Nebraska shtatidan Senatga ikki bor saylangan Xeygl muhim masalalar yuzasidan o’z partiyadoshlariga qarshi chiqishdan cho’chimaydigan siyosatchi”.

Oq Uyda prezident Obama bilan yonma-yon turib so'zlar ekan, Xeygl amaldagi Mudofaa vaziri Leon Panetta ishini hamda AQSh armiyasi qudratini yuqori baholadi.

"Butun insoniyat hayotini yaxshilashga intilar ekanmiz, mamlakatimiz va hamkorlarimiz qudratini kuchaytirish, yer yuzida erkinlik, ezgulik va insonparvarlikni himoya qilish imkoni menga berilganidan minnatdorman”, - deydi Xeygl.

Obama Jon Brennanni Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari lavozimiga ko’rsatar ekan, al-Qoidaga qarshi kurashda jonbozlik ko’rsatgan, Amerika qadriyatlariga sodiq arbob, deya maqtadi.

“2001-yil, 11-sentabr fojeasidan keyingi raqamlarni olaylik. Jon Brennan tashabbusi bois, al-Qoidaning aloqa, odam yollash, jangarilarni mashqdan o’tkazish imkoniyatlari keskin cheklandi”, - deydi Obama. “Bu esa Amerikaga hamlalar ehtimoli kamaydi, degani”.

Xeygl va Brennanning nomzodini Senat tasdiqlashi kerak, biroq qonunchilar orasida e’tirozlar yo’q emas. Ayrim respublikachilar Xeyglni Isroilni yetarlicha qo’llamaganlikda, Eron borasida qattiqqo’l emaslikda ayblab, tanqid qiladi.

Bundan tashqari, Chak Xeygl Afg’onistonga doir pozitsiyasi bois dakki eshitgan damlar ham bo’lgan. Uningcha, Amerika afg’on urushiga haddan ziyod ko’p kuch va mablag’ sarflab xato qilgan.

2007-yilda Xeygl Iroqda qo’shinlar sonini oshirishga qarshi chiqib tanqidga qolgan edi.

“Iroqqa ko’proq askar jo’natib, Vyetnam urushidan beri eng xatarli xatoga yo’l qo’yyapmiz”, - degan edi Xeygl.

Senatda ozchilik respublikachilar sardori Mitch Makkonnellning aytishicha, Chak Xeygl nomzodi xolis tarzda ko’rib chiqiladi. Vazifamiz - arbob bu muhim kasbiga loyiqmi-yo’qmi aniqlash, deydi u.

“Mudofaa vaziri kursisiga da’vogar inson AQShning yaqin ittifoqchisi Isroil bilan rishtalar zaruratini, Eron tahdidini, qurolli kuchlarni muntazam o’tkirlab borish zaruratini teran anglashi kerak”, - deydi Makkonnell.

Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni deydiki, Xeygl o’z faoliyati davomida Isroil va Isroil-Amerika o’rtasidagi munosabatlarni, AQShning Isroilga harbiy yordamini qat’iyat bilan qo’llab-quvvatlab kelgan.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimiga nomzod Jon Brennanga nisbatan qarshilik kuchli emas, ammo u ham Senatda Oq Uydagi faoliyati va siyosiy pozitsiyasi yuzasidan javob beradi.

Brennan terrorchilarga qarshi kurashda uchuvchisiz qiruvchi samolyotlardan foydalanishni olg'a surib, bu strategiyani “qonuniy, to’g’ri va nihoyatda samarali chora" deb keladi. Huquq himoyachilari esa Brennanni prezident Jorj Bush davrida razvedkadagi xizmati, qiynoqlar amaliyoti yuzasidan savolga tutmoqda.

“Markaziy razvedka boshqarmasi mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashda beqiyos rol o'ynaydi. Uning faoliyatini takomillashtirishga, ozodlik, erkinlik kabi qadriyatlarni himoya qilishga bel bog'laganman”, - deydi Brennan.

Noyabr oyigacha bu lavozimda general Deyvid Petreus o'tirgan edi. Ammo ishqiy mojarolar ketidan u ishdan bo'shadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Urush va siyosat/Kerry, Hagel and Vietnam