Prezident Barak Obama Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi. Vashington Rossiyani Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirayotganlikda ayblar ekan, Kremlga nisbatan bu choralarni Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirganini ma'lum qildi.
Obama Yevropadagi hamkorlar bilan birgalikda Rossiyaning qator banklari va mudofaa sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalariga hamda energetika, qurol-aslaha sanoati va moliyaviy sektorlariga nisbatan sanksiyalar kiritilayotganini aytdi.
“Suveren va mustaqil Ukraina Rossiya manfaatlari uchun tahdid emas”, - dedi Obama. Unga ko'ra, bu mamlakat o’z yo’lini tanlashga haqli.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalari
Yevropa Ittifoqi elchilari 29-iyul kuni Bryusselda Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga kelishib oldi. Nishonga olingan sohalar – neft va mudofaa sanoatlari, ayrim tovarlar va texnologiyalar.
Shuningdek, Rossiya davlat banklari uchun Yevropa kapital bozorlariga yo’l yopiladi.
Uch oydan keyin bu choralar qayta ko’rib chiqilishi mumkin.
28-iyul kuni Obama bilan telefon orqali suhbatlashgan Britaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya rahbarlari harakatlarni bir-biri bilan muvofiqlashtirishga kelishib oldi.
Choralar prezident Vladimir Putinga yaqin odamlarni ham jazolashni ko’zda tutadi. Chorshanba kuni ma’lum qilinishi kutilayotgan ro’yxat ilgari aktivlari muzlatilgan 87 odam va korxona ro’yxatiga qo’shimcha bo’ladi. Birinchi ro’yxat Rossiya Ukrainadagi harakatlarini boshlaganidan ko’p o’tmay qabul qilingan edi.