AQSh va Pokiston tranzit yo'llarini ochish borasida kelisha olmadi

  • Amerika Ovozi

NATO yonilg'i tankerlari qachon yo'lga chiqadi? Karachi, Pokiston, 11-iyun, 2012-yil

Vashington va Islomobod NATO yuklari uchun chegarani ochish bo’yicha kelisha olmagach, Pentagon vakillarini Pokistondan chaqirib olmoqda. Islomobod vahimaga o’rin yo’q, deydi.


AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jorj Littlning jurnalistlarga aytishicha, muzokarachi guruhning ayrim a’zolari mamlakatni tark etgan. Qolgani ham yaqin kunlarda yo’lga chiqadi. Biroq, deydi u, bu muzokara to’xtadi degani emas.

“Masala yechim topmaguncha, muhokama davom etadi”, - deydi Littl.
Amerika diplomatlari ta’bi tirriq bo’lib, shart turgan, ketgan.
Rustam Shoh Mohmand


O’tgan yilning noyabrida AQSh yanglish havo hujumida pokistonlik 24 askar halok bo’lgan, natijada Islomobod xalqaro alyans yuklarini qo’shni Afg’onistonga o’tkazmay qo’ygan edi. Shundan beri Amerika va Pokiston chegarani qayta ochish haqida muzokara olib bormoqda.

Pokiston AQSh kechirim so’rashi kerak, deydi. Vashington esa faqat ta’ziya izhor etishni ma’qul topgan. Islomobod NATO tranzit yo’llarini to’sgach, Obama ma’muriyati Pokistonga 3 milliard dollarlik harbiy yordamni to’xtatdi.

Pokiston parlamenti AQSh bilan munosabatlar istiqbolini qayta ko’rib chiqish bo’yicha maxsus komissiya tuzdi. Qonunchilar Pokistonda Qo’shma Shtatlarning uchuvchisiz harbiy samolyotlari reydlarini butunlay to’xtatish tarafdori. Amerika Afg’oniston bilan chegaradosh bu qabilaviy hududlarda jangarilar manzillarini nishonga olib keladi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Xina Rabbani Har so’zlariga ko’ra, tomonlar tranzit yo’laklariga doir texnik shartlarni muhokama qilgan va shundan keyin Amerika vositachilari mamlakatni tark etgan.

Hali ham gaplashayapmiz, deydi u.

“Maslahat qilayapmiz, bir joyda turganimiz yo’q. Har ikki xalq, har ikki davlatga ma’qul yechimni izlayapmiz”, - dedi Pokiston tashqi ishlar vazirasi.

NATO Afg’onistonga yo Pokiston orqali, yo Markaziy Osiyo orqali kira oladi. Lekin Markaziy Osiyo davlatlaridan o’tish qimmatroq.

Xavfsizlik bo’yicha tahlilchi Rustam Shoh Mohmand nazarida Pentagon o’z vakillarini chaqirib olib, Pokistonga bosimni oshirmoqchi. Boshqa bir mulohaza shuki, Amerika diplomatlari ta’bi tirriq bo’lib, shart turgan ketgan.

Lekin tomonlar orani uzmaydi, deb hisoblaydi ekspert, chunki xalqaro qo’shinlar Afg’onistondan ketar ekan, Pokiston bu davlat tinchligi, kelajagida hal qiluvchi rol o’ynaydi.