AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyliga ko’ra, agar Falastin Yaqin Sharq tinchlik muzokaralaridan bosh tortsa, Qo’shma Shtatlar muxtoriyatga berilayotgan moliyaviy yordamni to’xtatadi.
Falastin tinchlik jarayoniga jiddiy yondashmayapti, AQSh bunday yondashuvni mukofotlamaydi, deydi u.
“Falastinliklar AQShning tinchlik jarayonidan chiqishini talab qilmoqda, bizga ishlari tushmasligini aytishmoqda. BMTda bizga nisbatan o’zlarini dushmanona tutishmoqda. Ham pul beraylik ularga, ham ulardan gap eshitaylikmi?” dedi Xeyli.
Elchining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Qo’shma Shtatlar Falastinga yordam berishni istaydi, ammo buning uchun muxtoriyat avval islohotlarni amalga oshirishi kerak.
Tramp ma’muriyati salkam besh million falastinlik qochqinga yordam berayotgan BMT idorasini pulsiz qoldirishi haqida aytgan.
“Pulni agentlikka o’tgan oy BMT Bosh Assambleyasida Falastin foydasiga ovoz bergan mamlakatlar bersin endi”, - deydi Xeyli.
Prezident Donald Tramp Quddus shahrini Isroil poytaxti sifatida rasman e’lon qilganidan so’ng Falastin g’azabga kelib, Bosh Assambleyaning aksariyat a’zolari AQSh qarorini qoralovchi rezolyutsiyaga ovoz bergan.
Falastin rasmiylarining aytishicha, AQSh Yaqin Sharq tinchligi masalasida samimiy emas. Amerikaning moliyaviy shantajidan qo’rqmaymiz, dedi ular.