Respublikachilar muhojirot, Oyda baza ochish haqida bahs qildi

  • Amerika Ovozi

Maydonda to'rt respublikachi da'vogar qolgan

AQShda prezidentlikka nomzod bo’laman deb kurashayotgan respublikachi to’rt arbob kecha immigratsiya, soliqlar, Oyda harbiy baza ochish kabilar ustida bahs qildi.

Bu kelasi hafta Florida shtati uchun poyga oldidan mashq edi.

Oldinda ketayotganlar - Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni va Vakillar palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich.

Gingrichning ayblashicha, Romni noqonuniy muhojirlarni, jumladan, keksalarni Amerikadan haydamoqchi. Lekin sobiq gubernator buni uydirma deb undan uzr so’ralishini talab qildi.

Mitt Romni, Nyut Gingrich

“Otam Meksikada tug’ilgan. Rafiqamning ota-onasi Uelsdan. Men muhohirlarga qarshi emasman”, - deydi u.

“Immigrantlar AQShga qonuniy yo’l bilan kelsin deyman, xolos”, - dedi Romni. Florida muhojirlar ko’p shtatlardan biri sanaladi; Kuba yaqin bo’lgani bois bu davlatdan immigrantlar ayniqsa ko’p.

Romni o’z navbatida Gingrichning Oyda baza barpo etish tashabbusini tanqid qilib, pulni Amerika iqtisodini yaxshilashga sarflang undan ko’ra, dedi. Yana bir raqib Ron Pol fikricha, ayrim siyosatchilarni Oyga ravona qilish vaqti yetgan.

Floridada yahudiylar jamoasi salmoqchi ekani sabab Isroil bahsda bot-bot tilga olindi. Romni va Rik Santorum nazarida Falastin Isroilni davlat sifatida tan olmasa, Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishi gumon.

Ikkisi prezident Barak Obamaning Isroildan talash mahallalarda yahudiy posyolkalari qurishni bas qilishga doir talabini tanqid qilmoqda.

Shifokor, qonunchi Ron Pol

Florida kimga nasib etsa, respublikachi da’vogarlar safidan sezilarli darajada oldinga chiqishi aniq.

Bu orada, demokrat prezident Barak Obama besh shtat bo’ylab safarga chiqib, saylovoldi dasturini tanishtirmoqda. U bugun Michigan shtati Universitetida ta’lim sohasi islohoti, davlat kollej va universitetlarga berayogan pul haqida, o’qish xarajatlarini kamaytirish borasida gapirdi.

Oxirgi 20 yilda Amerikada ta’lim bahosi ikki karra oshgan. Obama Kongressdan studentlarga yordamni oshirish va soliqlarni kamaytirish haqida qonun loyihasini ma’qullashga undadi.

Yiliga bugun buning uchun 17 ming dollar kerak. To’rt yillik xususiy universitetlarda esa 32 ming dollar zarur.